Ismat Buxoriy
Ismat Buxoriy (taxallusi; asli ismi Ismatullo) (1365, Buxoro— 1436) — shoir. Buxoroda tahsil koʻrgan. Xalil Sulton va Mirzo Ulugʻbek zamonida (1404—09; 1409—49) Samarqandda yashagan. 15-asr 30-y.larida saroydan ketib, Buxoroda istiqomat qilgan. Navoiy "Majolis unnafois"da yozishicha, "Xuja Ismatullo Movarounnahr buzurgzodalaridandir. Zohir ilmini takmil qilgʻondur. Gʻoyat xush-taʼbligidin oʻzin sheʼrgʻa mansub qilib, devoni mashhur boʻldi". I. B. turk, fors va arab tillarida ijod etgan, Buxoro adabiy muhitida zullisonayn anʼanasini boshlab bergan shoirlardan. Uning 8 ming baytli bir devoni va turkiy tilda yozilgan "Ibrohim Adham" nomli 1035 baytli asari bizgacha yetib kelgan. I. B. koʻproq sheʼriyatning gʻazal, qasida, masnaviy, ruboiy janrlarida asarlar yaratgan. Hofiz Sheroziyga ergashib gʻazallar yozgan. Ijodining asosini hayot, inson, ishq-muhabbat, yoshlik, mehnat va poklik toʻgʻrisida bahs yuritadigan gʻazallar tashkil etadi. Hajviy sheʼrlarida mubolagʻa, igʻroq, gʻuluv kabi sanʼatlardan foydalanib, oʻz davridagi mavjud salbiy hodisalarni krralaydi. Uning "nobud" radifli gʻazalida azobuqubatda yashayotgan mehnatkash xalq hayoti ot timsolida realistik tasvirlangan.
I. B. sheʼrlari ravonligi, taʼsirchanligi, falsafiy fikrlarga va original tasviriy vositalarga boyligi bilan Movaraunnahrda shuhrat qozongan. I. B. adolatparvarlik va xalqparvarlik ruhida qasidalar yozgan. I. B.ning devoni 19 qoʻlyozma nusxada Toshkent, Buxoro, Dushanba, Sankt-Peterburg , Filadelfiya (AQSH), London va Kalkutta (Xindiston) kutubxonalarida saqlanadi. [1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |