Isteʼdod, talant — nihoyatda zoʻr qobiliyat, biror sohada yuksak darajadagi layoqat. U idrok, tasavvur, tafakkur, xotira, kuzatuvchanlik benihoya oʻsganligida, voqeahodisalarning yangi qirralarini, ularning zamiridagi murakkab aloqadorlikni kashf etishda koʻrinadi. Kishining bilimlarni oʻzlashtirishi, nazariy va amaliy masalalarni hal etishi, ijodi, oʻz bilimi va malakalarini turmushga tatbiq qila bilishidan uning I. ini bilish mumkin. I. haqida turli nazariyalar mavjud. Ularga koʻra, I. xudo tomonidan beriladi; irsiyat orqali oʻtadi; tarbiya orqali paydo qilinadi; insondagi tabiiy, tugma anatomik-fiziologik layoqat muayyan faoliyatda shakllanadi va rivojlanadi.

I. insonning maʼlum faoliyati turida oʻzini namoyon etadi. Bilim, koʻnikma, malaka, tajribalar I. rivojida katta rol oʻynaydi. Qobiliyat yoki layoqat oʻsishiga ijtimoiy sharoit yaratilganda, uni tarbiyalab kamolga yetkazilgandagina I. yuzaga chiqadi, I. ga shaxsning mehnatsevarligi ham qoʻshilgan taqdirda yangilik va kashfiyot paydo boʻladi. Daho I. ning yuksak namunasi hisoblanadi. Daho egasi ba-tamom yangilik ijod etib, oʻz sohasida original yoʻnalish yaratadi.

Adabiyot

tahrir
  • Mahmudov T., Talant xudojnika i obshestvo, T., 1972.

Tilab Mahmudov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil