Isteʼmol krediti - isteʼmol ehtiyojlarini qondirish uchun qaytarishlik sharti bilan aholiga beriladigan pul mablagʻlari yoki tovarlardan iborat kredit. Odatda, aholining qimmatbaho tovarlarni xarid etishi uchun ajratiladi. Uzoq foydalanadigan tovarlar (avtomashina, uy, dala-hovli, yaxta va h. k.) borki, ularni xarid etish uchun joriy daromadlar yetishmay qoladi, ularni narxi yuqori boʻlganidan nasiyaga olish zarurati paydo boʻladi. I.k. bevosita (bunda tovar egasi uni xaridorga oʻz nomidan nasiyaga sotadi va xaridorni oʻzining qarzdoriga aylantiradi) va bilvosita (bunda kreditni bank beradi, yaʼni tovar haqini toʻlab yuboradi va xaridor tovar egasidan emas, balki bankdan qarz boʻlib qoladi) kredit berish orqali amalga oshiriladi. I. k. berilganda xaridor uchun tovar narxi oshadi, chunki u kelajakda kaytariladigan pul tarkibida tovar naqdiga sotiladigan narxdan tashqari qarz uchun foiz ham toʻlaydi. Ammo tovarlarni sotish mushkullashganda va aholining muayyan qatlamini qoʻllab-quvvatlash zarur boʻlganda foizsiz kredit ham ochiladi. Mas, talabalarga oʻqish haqini toʻlash uchun I. k. ochilganda foiz undirilmasligi mumkin. Firma oʻz ishchisi yoki xizmatchisiga tovar olish, oʻqish yoki davolanish uchun arzon yoki foizsiz kredit beradi. I. k. isteʼmolchini zamonaviy, lekin qimmatbaho tovarlardan bahramand etish, kishilarda kelajakda yaxshi daromad topishga intilish hosil qilish (chunki qarzni toʻlash qoʻshimcha daromad talab qiladi) va ichki milliy bozorni kengaytirish hisobiga tovarlar sotuvini oshirib, kapital oborotini tezlashtiradi. Koʻpchilik xorijiy davlatlar, xususan, AQShda aholiga I. k. berish keng rivojlangan. Ularda isteʼmolchilar kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib, hatto uzoq foydalaniladigan maishiy texnika, shuningdek, avtomobillar va b. ni ham nasiyaga olishi mumkin. Mahsulot yoki tovar haqi isteʼmolchining kelgusida ishlagan haqidan undirib olinadi[1].

I. k. hamma yerda emas, balki toʻyingan bozor (daromad topib qarzni toʻlash imkoni bor) yerda amal qiladi. Oʻzbekistonda 90-y. larning 2-yarmidan boshlab "Oʻzuyjoyjamgʻarmabank" davlat-aksiyadorlik uy-joy jamgʻarma banki aholiga kvartiralar sotib olish uchun I. k. ajratadi[2].

Isteʼmol kreditini naqd pul koʻrinishida berishga yoʻl qoʻyilmaydi[3].

Isteʼmol kreditini taqdim qilishda Banklar mijozlarga tovar yoki xizmatlarni bankning hamkor-kompaniyalaridan sotib olishni taklif qilishi mumkin. U yerdan xarid qilganda kredit foiz stavkasi pastroq boʻladi[4].

Manbalar tahrir