Istiora
Istiora (arabchadan „qarzga olish“) yoki metafora (yunonchadan „koʻchirish“) — asarlarda soʻzni oʻz maʼnosidan boshqa bir maʼnoda, yaʼni majoziy maʼnoda qoʻllash sanʼati. Bu sanʼat soʻz maʼnolari koʻchishining bir turi boʻlib, u narsa va hodisalar oʻrtasidagi oʻxshashlikka asoslanadi. Shu jihatdan istiora tashbih sanʼatiga yaqin turadi. U koʻpincha tashbihi kinoyaga, yaʼni mushabbihi tushirilgan tashbihga teng keladi. Adabiyotshunoslikda istiora tashbihdan kuchli sanaladi.
Istiora — badiiy tasvir vositasi, koʻchim. Istiora 2 narsa oʻrtasidagi oʻxshashlikka asoslanadi. U oʻxshatilgan va oʻxshagan unsurlardangina tashkil topadi. Mas, sarv qomat, ohu koʻz. Istiorada sher, yoʻlbars va boshqa kuchli, jasoratli hayvonlarga xos ayrim xususiyatlar, oq, qora sifatlaridagi yaxshilik, yomonlik maʼnolari insonlarning ayrim hislatlarini taʼkidlab koʻrsatish uchun koʻchiriladi (sher yurak, oq koʻngil, qora qalb va hokazo).
Istiora badiiy asarlarda aks etayotgan narsa, voqea, hodisalarning aniq, ravshan gavdalanib turishida, obrazlar tavsiflarining yorqin berilishida, asar joziba kuchining oshishida nihoyatda muhim oʻrin tutadi. Istioraning 2 turi mavjud: 1) ochiq istiora. Masalan, „Mening qoʻlim yetmagan yulduz, Tushlarimda seni koʻrgayman“ (Abdulla Oripov). Bunda sevimli yor — maʼshuqa „yulduz“ga oʻxshatilgan. Oʻxshagan tushirib qoldirilgan, oʻrniga oʻxshatilgani berilgan; 2) yopiq istiora. Masalan, „Qolgan soʻzlar tutqizmadi oʻz baridan“ (G'.G'ulom). Bunda „soʻzlar“ odamga oʻxshatilgan. Oʻxshatilgan tushirib qoldirilgan va oʻxshagan berilgan.
Misollar
tahrirAlisher Navoiyning „Furqatingdin zaʼfaron uzra toʻkarmen lolalar, Lolalar ermaski, bagʻrimdin erur pargolalar“ baytidagi „sariq yuz“ maʼnosidagi „zaʼfaron“ soʻzi sodda istioraga, „qonu yosh toʻkaman“ maʼnosidagi „toʻkarmen lolalar“ iborasi murakkab istioraga misol boʻla oladi.
Yana boshqa misollar:
- Keldi ochilur chogʻi oʻzliging namoyon qil,
- Parchalab kishanlarni har tomon parishon qil.
- (Hamza)
- Sheryurakli bu Lochin
- Qoqib qanot-qulochin,
- Quzgʻunlardan asradi
- Elning xotin-xalajin.
- (Maqsud Shayxzoda „Kapitan Gastello“)
Bunda Lochin — kapitan Gastello, quzgʻunlar — fashistlar maʼnosida ishlatilgan.
- Koʻni soʻz irig ul kim aymish, temish,
- Angar toʻpqu idtim, tikan chogʻlamish.
- (Maʼnosi: Kim aytsa, desa ham toʻgʻri soʻz dagʻaldir, (yaʼni keskin)
- Unga ipak gazmol yubordim, u esa tikan tugib yubordi)
Bu yerdagi ipak gazmol — taklif, tikan — rad etishdir.
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Qoʻngʻurov P., Oʻzbek tilining tasviriy vositalari, T., 1977.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |