Abdulla Oripov
![]() |
Ushbu maqolaning betarafligi shubha ostidadir. Batafsilroq maʼlumot uchun maqola munozarasini koʻring. |
Abdulla Oripov — ardoqli oʻzbek shoiri va jamoat arbobi. Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy oʻziga xos betakror kuylagan taniqli ijodkor. Abdulla Oripov hozirgi oʻzbek sheʼriyatiga yangicha badiiy tafakkur yoʻsinlarini olib kirdi. U tub mohiyati bilan Yassaviy, Navoiy, Bobur, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom singari ijodkorlar badiiy anʼanalarining davomchisi hisoblanadi. Shoir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sheʼri muallifidir.
Abdulla Oripov | |
---|---|
![]() | |
Tavalludi |
21-mart 1941-yil Qashqadaryo, Koson tumani, Nekoʻz qishlogʻi |
Vafoti |
5-noyabr 2016-yil (75 yoshda) Xyuston, Texas, AQSh |
Fuqaroligi |
SSSR Oʻzbekiston |
Sohasi | sheʼriyat |
Taʼlimi | Toshkent davlat universiteti, (hozirgi OʻzMU) „Oʻzbek filologiyasi“ fakulteti |
Akademik rahbarlari | Abdulla Qahhor, Oybek |
Mashhur ishlari | Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi muallifi |
Mashhur sovrinlari |
![]() ![]() ![]() ![]() ![]() ![]() |
HayotiTahrirlash
Abdulla Oripov 1941-yilning 21-martida Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻida tugʻildi. Qishloq Qoʻngʻirtov etagiga oʻrnashgan boʻlib, oqar suv taqchil boʻlsa-da, seryomgʻir kelgan yillarda koʻkat-u maysalarga koʻmilib qoladigan kengish joy edi. Bu haqida shoirning oʻzi shunday yozadi:
"Ayniqsa, bahor paytlarida bu yerlarga yogʻin koʻp tushar, Qoʻngʻirtov etaklari ming xil oʻt-oʻlan, chuchmoma-yu qizgʻaldoqlar bilan, quyontoʻpigʻ-u ismaloq bilan, karrag-u hazorisfand bilan, qoʻzigullar bilan qoplanar, tevarak-atrof jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari toʻplanib qolgan kichik-kichik koʻllarni „qoq“ deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmomay-u ismaloq, zamburugʻ terib, Qoʻngʻirtov etaklarida kunlarini kech qilar edi"
Ana shunday goʻzal maskanda tugʻilib oʻsgan Abdulla Oripovning otasi Orifboy Ubaydulla oʻgʻli ishbilarmon dehqonlardan boʻlib, jamoa xoʻjaligi raisi edi. Onasi Turdixol momo koʻpchilik oʻzbek ayollari singari sarishta, mehnatkash, mehribon, gʻoyat taʼsirchan va ezgulikka tashna ayol boʻlgan. Oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz boʻlib, Abdulla oʻgʻillarning kenjasi edi.
AsarlariTahrirlash
Birinchi marta respublika matbuotida „Qushcha“ deb atalgan sheʼri chiqqan paytda Abdulla Oripov talaba edi. Shoirning birinchi sheʼrlar toʻplami „Mitti yulduz“ esa 1965-yilda chop etilgan. Undan keyin „Koʻzlarim yoʻlingda“ (1967), „Onajon“ (1969), „Ruhim“ (1971), „Oʻzbekiston“, „Qasida“ (1972), „Xotirot“ (1974), „Yurtim shamoli“ (1974), „Jannatga yoʻl“ (1978), „Hayrat“ (1979), „Hakim va ajal“ (1980), „Najot qalʼasi“ (1981), „Yillar armoni“ (1983), „Haj daftari“ (1992), „Saylanma“ (1996), "Sohibqiron (sheriy drama) " (1996), toʻrt tomlik „Tanlangan asarlar“ (2000-2001) singari qator kitoblari bosilib chiqdi. Abdulla Oripov xalqimizni jahon adabiyotining sara namunalari bilan tanishtirish borasida ham talay ishlarni amalga oshirgan. U Dantening "Ilohiy komediya" asarini, L.Ukrainka, Taras Shevchenko, Nikolay Nekrasov, Q.Quliev, Rasul Hamzatov singari shoirlarning sheʼrlarini mahorat bilan oʻzbekchaga oʻgirgan. Abdulla Oripov sheʼrlarida falsafiy teranlik joʻshqin lirizm va insoniy samimiyat bilan uygʻunlashib ketgan. Uning „Bahor“, „Birinchi muhabbatim“, „Kuz“, „Saraton“, „Oʻzbekiston“, „Munojotni tinglab“, „Otello“, „Sarob“, „Dengizga“, „Malomat toshlari“, „Olomonga“, „Yuzma-yuz“, „Genetika“, „Chuvaladi oʻylarim sensiz“ va boshqa qator sheʼrlarida mana shu xususiyat yaqqol seziladi. Oʻzbekiston Respublikasining madhiyasi Abdulla Oripov soʻzi bilan aytiladi. Abdulla Oripov ijodkorlar orasida birinchi boʻlib, 1998-yilda „Oʻzbekiston Qahramoni“ degan yuksak unvonga sazovor boʻldi. U I va II chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputat Abdulla Oripov 2016 yilda AQSHda Texas shtadida vafot etadi
AdabiyotlarTahrirlash
- Sharafiddinov O. Sheʼriyat — qalb yolqini. „Hayot bilan hamnafas“ kitobida. Toshkent. Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1984.
- Karimov N. va boshqalar. XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi. -T.: „Oʻqituvchi“, 1999.
- Qoʻshjonov M., Suvon M.. Abdulla Oripov. Toshkent: „Maʼnaviyat“, 2000.