Itqoʻnoq (Setaria) — boshoqdoshlarga mansub bir yillik va koʻp yillik oʻt oʻsimliklar turkumi, begona oʻt. Aksariyat tropik va subtropiklarda tarqalgan. 120 dan ortiq turi bor. Bittabitta yoki bir nechtasi toʻp boʻlib oʻsuvchi silliq poyasi 20—80 sm, faqat toʻpguliga yaqin joyigina gʻidirish. Barglari nashtarsimon, usti va chetlari gʻadir-budir, barg asosi uzun tuklar bilan qoplangan. Toʻpguli boshoqsimon, iyul—sent. oylarida gullab, meva beradi. Uruglari sent. oxirida pishadi.

Bir oʻsimlik 5—10 mingtagacha urugʻ beradi. Urugʻlari kelgusi yili bahorda una boshlaydi. I.ning ildiz siste-masi juda kuchli rivojlanib, 1,5 m gacha chuqurlikka oʻsib kiradi; juda koʻp popuksimon ildizlari va ildiz tuklari tuproqni chim kabi qamrab oladi hamda namligini keskin kamaytiradi. Ayniqsa, sugʻoriladigan dalalarda yaxshi rivojlanib, koʻp ekinlarga za-rar keltiradi. Paxta, makkajoʻxori, sabzavot va b. ekin dalalarida aksariyat oq (S. glauca) va koʻk I. (S. viridis) turlari uchraydi. Ikkala tur I. ham bir yillik boʻlib, tashqi koʻrinishidan bir-biriga oʻxshaydi. Maysaligida oʻrib olinsa, mollarga yaxshi ozuqa boʻladi. Kurash choralari: ekin qator oralaridagi I. kultivatsiya qilinib, egat ustidagilari gerbitsid sepib yoʻqotiladi; ekin ekishdan avval baronalashga qadar yoki ekish vaqtida yerga treflan yoki prometrin, kotofor singari gerbitsidlar solinadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil