Jaloliddin Davoniy
Jaloliddin Davoniy (toʻliq ismi Jaloliddin Muhammad ibn Asad as-Siddiqiy ad-Davoniy)(1427-yil, Davon qishlogʻi, Eron – 1502-yil) — sharq olimi, faylasufi.
Yoshligidan ilm-fanga, xususan fiqhshunoslikka qiziqadi. Maktabni bitirgach, Sherozga kelib madrasada tahsil koʻradi. Soʻng Sheroz sh. qozisi etib tayinlanadi. Qozilikdan isteʼfoga chiqqach, mudarrislik qiladi. Umrining oxirida oʻz qishlogʻiga qaytib, ilmiy ish bilan band boʻladi.
D. Eron, Hindiston, Iroqning koʻp shaharlarida boʻlib, olim va shoirlar bilan uchrashdi. Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy va b.ning dunyoqarashini oʻrgandi, Temur va temuriylar davrida yashagan mutafakkirlar asarlaridan unumli foydalandi. U falsafa, axloqshunoslik, mantiq, fiqh, falakiyot, riyoziyot va handasa fanlari muammolarini tadqiq qilib asarlar yozdi. Bu asarlarida inson va uning kamoloti, ilm-fan va uning jamiyatdagi oʻrni, kasb-hunar, yuksak insoniy fazilatlarni egʻallash haqida fikr yuritdi. D.ning asosiy asarlari: "Axloqi Jaloliy", "Risolatul-xuruf" ("Harflar haqida risola"), "Risolayi isboti vojib" ("Zaruriyatning isboti haqida risola"), "Risola ul-mufradot" ("Moddalar haqida risola"), "Risolayi fi tavjix ultashbih" ("Majoz talqini xaqida risola"), "Risola dar elm un-nafs" ("Ruhshunoslik toʻgʻrisida risola"), "Tariqati tarbiyat ul-avlod" ("Bolalarni tarbiyalash usuli") va b. D.ning fors va arab tilida bitilgan qoʻlyozma hamda toshbosmada bosilgan risolalari dunyoning koʻp kutubxonalarida, shu jumladan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
“Axloqiy Jaloliy” asari haqida
tahrirDavoniyning axloqiy tarbiyaga bag’ishlangan “Axloqi Jaloliy” asari dunyoning ko’p tillariga tarjima qilingan. Asar uch qismdan iborat. Birinchi qism – axloq faniga, ikkinchi qism – “Odamning ichki holati” oilaviy hayotiga, uchinchi qism – “Shahar (davlat)ni boshqarish va podshohlar siyosati” deb nomlanib, unda muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar ko’tariladi.
Davoniy inson o’zining aqliy qobiliyatini tarbiyalash uchun quyidagilarga amal qilish lozimligini uqtiradi: 1) zehn o’tkirligi; 2) fahmlilik; 3) zehn ravshanligi; 4) bilimni tez egallash qobiliyati; 5) qo’yilgan muammoni tezda anglashi; 6) yodlash qobiliyati; 7) xotira.
Davoniy insonga foyda keltiradigan kasb-hunarni uchga bo’ladi: 1) inson aqliy faoliyati bilan bog’liq; 2) ta’lim-tarbiya natijasida vujudga keladigan; 3) kishilarning shijoati, jasurligi bilan bog’liq.
Davoniy insoniy fazilatlarni to’rtga bo’ladi: donolik, adolat, shijoat, iffat.
Davoniy g’azabni eng og’ir ruhiy kasallik deydi. G’azab kishining katta nuqsoni, kamchiligi, aqlsizligidir, agar aql g’azab va hissiyotga bo’ysunsa, kishi hayvon darajasiga tushib qolishi mumkin, chunki hayvonning aqli bo’lmaganligi tufayli u g’azab va quvvatini o’ziga buysundira olmaydi. Inson aqli bo’la turib g’azabni buysundira olmasa, buni hech qachon kechirish mumkin emas.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Jaloliddin Davoniyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |