Jamoliddin al-AFGʻONIY, Muhammad bin Safdor Jamoliddin (1839, Sharqiy Afgʻonistonning Asadobod sh. — 1897, Istanbul sh.) — diniy va siyosiy arbob, islomchilik nazariyasining asoschisi. Kobulda diniy, Hindistonda dunyoviy bilim oldi. 1869-yilgacha afgʻon amirlari xizmatida boʻldi, ularning hokimiyat uchun oʻzaro kurashlarida qatnashdi. Hayotining koʻp qismi Hindiston, Misr, Iroq, Rossiya, Fransiya, Angliya, Turkiya kabi davlatlarda muhojirlikda kechdi. Islom dinini isloh qilish va musulmon olamini islom bayrogʻi ostida birlashishga qilgan daʼvatlari bilan tanildi. 1871—79 yillarda Misr ijtimoiy-siyosiy hayotida faol qatnashdi. Istibdodni tanqid qilib, konstitutsiyaviy tuzum oʻrnatish uchun kurashda islom dinining maʼnaviyaxloqiy aqidalariga asoslangan ijtimoiy tenglik va adolat gʻoyalarini targʻib qildi. 1879-yil u Iskandariyada Yosh misrliklar jamiyatini tuzdi. Faol siyosiy faoliyati uchun Misrdan chiqarib yuborildi. Politsiya nazorati ostida Kalkutta va Haydarobod (Hindiston)da yashadi. 1883-yildan Yevropa (London, Parij)da istiqomat qildi. Parijda shayx Muhammad Abdu bilan birga "Alurvat al-vusqa" ("Mustahkam birlik") yashirin jamiyatini tuzdi va shu nomdagi gaz.ni nashr etdi. Moskva va Peterburgda ham boʻldi. Rossiya musulmonlari bilan uchrashgan chogʻida (1888) islom dinini isloh qilish va yangilash bilan bir qatorda musulmonlar oldiga fan va texnika yutuqlarini egallash vazifasini qoʻydi. Uning fikricha, bu holat Yevropa madaniyati unsurlarini Sharq muhitiga yuzaki joriy etishni anglatmay, balki Sharqning gʻoyat boy maʼnaviy madaniyatini va oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib, ularni bir-biriga uygʻunlashtirish edi. Sharq xalqlari madaniy va ilmiy merosini kamsitishga qarshi qaratilgan yevropotsentrizm nazariyasiga qarshi faol kurashgan. Inqilobiy millatparvar doiralar bilan hamkorlik oʻrnatdi. 1892-yil Turkiyaga qaytdi va shu yerda vafot etdi. 1944-yil xoki Kobulga olib kelindi va dafn etildi. Qabri ustida maqbara oʻrnatilgan. J. A. arab, fors va fransuz tillarida islom tarixi va shariat boʻyicha koʻplab asarlar yozdi. Ulardan asosiylari: "Materialistlarni inkor qilish", "Renanga al-Afgʻoniyning javobi", "Oʻqitish va taʼlimning foydasi haqida", "Ekzegetni ekzegezi" va b.

J. A. Misrda shayx Muhammad Abdu, Tataristonda Rizouddin ibn Faxruddin (1859—1936), Turkiyada shoir Mehmed Emin kabilarni tarbiyalab yetishtirgan islom olimi hisoblanadi. Uning taʼlimoti vafotidan soʻng ham keng tarqaldi. Turkiston mintaqasida Rossiyaga qarshi olib borilgan milliy ozodlik harakatlarida uning gʻoyalari muayyan darajada ijobiy rol oʻynadi. Sharq mamlakatlari (Eron, Turkiya va b.)da boʻlgan inqiloblarda bu gʻoya musulmon xalqlarini birlashtiruvchi taʼlimot boʻlib maydonga chiqdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqda mustamlakachilik tizimining yemirilishida J. A. taʼlimotining ham oʻz hissasi bor.

Adabiyot tahrir

  • Oʻzbekistonnning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil