Janubiy Uzoq Sharq o'lkasi
Janubiy Uzoq Sharq oʻlkasi
Ushbu tabiiy geografik oʻlka 55° va 43° sh.k. lar orasida, moʻtadil iqlim mintaqasining janubida joylashgan. U shimolda Uda daryo vodiysi choʻkmasidan, janubda Buyuk Petr (Pyotr) qoʻltigʻigacha choʻzilgan.
- Gʻarbda Zabaykale togʻlari bilan,
- Sharqda Oxota va Yapon dengizlari bilan chegaralanadi. Maydoni 1,2 mln. Km2 atrofida.
Janubiy Uzoq Sharq o'lkasi T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2] larning kitoblarida Shimoliy Osiyo tabiiy geografik rayonining tarkibiga kiruvchi oʻlka sifatida ajratilgan. Oʻlka hududi
- Amur-Zeya platosi,
- Zeya-Bureya tekisligi,
- Bureya tizmasi,
- Kichik Xingan,
- Quyi Amur pastekisligi,
- Quyi Amur past togʻlari,
- Sixota-Alin
tizmasi
- Saxalin orolidan tarkib topgan.
Oʻlka tabiatining oʻziga xos xususiyatlari Yevrosiyo quruqligi bilan Tinch okean suvlarining oʻzaro taʼsiri natijasida shakllangan. Iqlimi musson xarakterga, sersuv daryolari musson tipidagi suv rejimiga ega. Landshaft strukturasida igna bargli va keng bargli oʻrmonlar hukmronlik qiladi.
Relyef xususiyatlari
tahrirOʻlkaning geologik taraqqiyot tarixi koʻpincha uning taraqqiyot tarixiga oʻxshaydi. Bu yerda dastlabki quruqlik rejim kembriydan oldin va paleozoyda vujudga kelgan. Zeya-Bureya plitasi va Xanka massivi Manjuriya platformasining shimoliy va sharqiy chekkalarida hosil boʻlgan. Paleozoyda Sixota-Alin, Bajal, Bureya, Turana, Jagʻdi, Tukuringra tizmalarining yadrolari vujudga kelgan. Koʻpchilik joylarda intruziyalar chiqib foydali qazilmalarning paydo boʻlishiga sabab boʻlgan. Oʻlkaning burmali strukturalarining vujudga kelishida mezozoy orogenezi katta rol oʻynagan. Mezozoy burmalanishi ayniqsa Bureya-Sixota-Alin zonasida kuchli boʻlgan, intruziya va effuziyalar chiqib ruda konlarining paydo boʻlishiga olib kelgan. Shuning uchun oʻrtacha va past togʻli hududlarda, ayniqsa Sixota-Alinda va Amur vodiysida strukturali effuziv platolar keng tarqalgan, mezozoyda Sharqiy Saxalin antiklinoriysining poydevori ham hosil boʻlgan. Oʻlkaning geologik strukturasi va relyef shakllari alp burmalanishi natijasida oʻzining hozirgi qiyofasiga ega boʻlgan, alp orogenezida yangi strukturalar vujudga kelgan. Jumladan, Sixota-Alinning sharqiy qirgʻoqboʻyi qismlari, Quyi Amur past togʻli hududi, Saxalin togʻlari vujudga kelgan. Amur-Ussuriy oʻlkasidagi tekislangan relef shakllari qaytadan yoshargan. Oʻlka hududida erozion, erozion-denudasion oʻrtacha balandlikdagi va past togʻlar koʻpchilikni tashkil etadi. Togʻlarining mutloq balandligi Bureya tizmasida 2167 m, Bajal tizmasida 2157 m, Sixota-Alinning Tardoki-Yangi togʻida 2077 m. Vulkanik platolar Sixota-Alinning sharqiy qirgʻoqboʻyi qismlarida koʻp uchraydi. Tizma togʻlar orasida togʻoraligʻi botiqlarida vujudga kelgan akkumulyativ tekisliklar joylashgan. Togʻoraligʻidagi tekisliklar allyuvial (Yuqori Zeya, Zeya-Bureya, Uda, Tim-Poronay) va koʻl-allyuvial (Xankaboʻyi, Oʻrta Amur, Quyi Amur) tekisliklariga boʻlinadi. Saxalin orolida Gʻarbiy Saxalin (Vozvrasheniya, 1330 m) va Sharqiy Saxalin (Lapatin, 1609 m) tizmalari meredian boʻylab choʻzilgan. Ularni bir-biridan Tim-Poronay togʻoraligʻi botigʻi allyuvial tekisligi ajratib turadi. Orolning shimoliy qismida Shimoliy Saxalin pastekisligi joylashgan.
Foydali qazilmalari
tahrirFoydali qazilmalarning geografik tarqalishi oʻlkaning geologik strukturasiga va togʻ jinslarining tarkibiga bogʻliq. Intruziv granitlarda oltin, molibden, qalay, temir rudasi, surma konlari koʻp uchraydi. Sixota-Alinning effuziv jinslari polimetallarga boy. Bureya bukilmasida, Markaziy Saxalin sinklizasida, Xankaboʻyi tekisligida toshkoʻmir va qoʻngʻir koʻmir konlari joylashgan. Saxalinning shimoliy tekislik qismidan neft va tabiiy gaz qazib olinadi.
Iqlimi
tahrirOʻlka Tinch okean mussonlari taʼsir doirasida boʻlganligi sababli, uning iqlimi iliq moʻtadil musson iqlimidir. Qishda materik ustida Osiyo barik maksimumi vujudga keladi, Tinch okeanining shimoliy qismida, Aleut orollari hududida esa Aleut barik minimumi shakllanadi. Sovuq Sibir havosining okeanga esishi qishki mussonni taʼminlaydi. Oʻlka hududida yanvarning oʻrtacha harorati janubi-sharqdan shimoli-gʻarbga tomon pasayib, Primore va Saxalinda −12°,-16°S, markaziy tekisliklarda - 20°, −24°S, Yuqori Zeya tekisligida −31°,-32°S gacha tushadi. Minimal harorat Bureya va Zeya daryolari havzalarida −50°, −55°S ga teng. Yozda oʻlkaning qirgʻoqboʻyi hududlarida musson sirkulyatsiyasi qaror topib, iqlimi dengiz iqlim xarakteriga ega boʻladi. Yoz salqin, harorat shimoldan janubga tomon koʻtarila boradi. Iyulning oʻrtacha harorati Oxota dengizi sohillarida +12°S, Yapon dengizi sohillarida +16°S.
Gidrografiyasi
tahrirOʻlkaning ichki tekisliklarida iyulning oʻrtacha harorati +18°S dan +21,5°S gacha yetadi, yillik yogʻinning 85-90% i iliq davrga toʻgʻri keladi. Yogʻin miqdori gʻarbdan sharqqa tomon orta boradi. Yillik yogʻin miqdori Amurboʻyining shimoli-gʻarbiy chekka hududlarida 300 mm, Ussuriy havzasida 500-600 mm, Sixota-Alin tizmasida 900-1000 mm. ni tashkil etadi. Oʻlka daryolarining gidrografik rejimi musson xarakteriga ega. Daryolarning 80% oqimini yomgʻir suvlari tashkil etadi. Suv toshqini yozning ikkinchi yarmida — iyul va avgustda kuzatiladi. Suv bosishlari tez-tez takrorlanib turadi, barcha daryolar Tinch okean havzasining Oxota va Yapon dengizlariga quyiladi. Oʻlkaning va butun Uzoq Sharqning eng yirik daryosi Amur hisoblanadi. Uning uzunligi Argun daryosining boshlanishidan 4440 km, Argun va Shilka daryolari qoʻshilgan joydan 2824 km. ni tashkil etadi. Havzasining maydoni 185000 km2 , oʻrtacha yillik suv sarfi quyi qismida 10900 m3 /sek. ga teng. Amurga 10610 ta katta-kichik daryolar, soylar va jilgʻalar kelib qoʻshiladi. Daryo oʻzanining kengligi suv kamayganda 3-5 km dan suv koʻpayganda 25 km gacha yetadi. Kemalar 4000 km masofaga bemalol qatnay oladilar. Bundan tashqari Primore sohillarida Suyfun, Mayxe, Suchan daryolari, Oxota dengizi sohillarida Uda, Tugur daryolari, Saxalin orolida Tim, Poronay daryolari bor, oʻlka hududida koʻllar koʻp emas. Eng kattasi Xanka tektonik koʻli maydoni 4190 km2 , uzunligi 95 km, kengligi 85 km va eng chuqur joyi 10,6 m.
Tuproqlari
tahrirOʻlkaning tuproq qoplami Amur musson tuproq oʻlkasiga qaraydi. Uning shimolida togʻ tayga podzol tuproqlari, Zeya va Bureya havzalarida sur tusli oʻrmon tuproqlari, aralash oʻrmonlar bilan qoplangan joylarda podzollashgan qoʻngʻir oʻrmon tuproqlari keng tarqalgan. Amurboʻyi va Suyfun-Xanka tekisliklarida oʻtloqi-qora, gleyli-oʻtloq va oʻtloqi-botqoq tuproqlar, daryo qayirlarida allyuvial tuproqlar yaxshi rivojlangan.
Tabiat zonalari
tahrirOʻlka toʻrtta — Sharqiy Sibir, Dauriya, Manjuriya va Oxota botanik-geografik oʻlkalarining bir-biri bilan tutashgan hududda joylashgan. Oʻlkaning flora va faunasi turli-tuman va turlarga boy. Koʻpchilik oʻsimlik va hayvon turlari paleogendan saqlanib qolgan relikt turlar hisoblanadi. Oʻlkaning shimoliy qismida Sharqiy Sibirga xos tilogʻoch va yellardan tarkib topgan tayga landshaftlari hukmronlik qiladi, janubiy qismida esa Manjuriya florasi elementlari bilan boyigan aralash oʻrmonlar katta maydonni egallagan. Aralash oʻrmonlar uchun keng barglilardan Manjuriya joʻqasi, Take joʻqasi, Mongoliya emani, Manjuriya shumtoli, Amur duxobasi, xilma-xil zaranglar, temir qayin, sariq qayin, Manjuriya yongʻogʻi, igna barglilardan Koreya kedri, yaxlit bargli pixtalar xarakterli. Aralash oʻrmonlar koʻp yarusli va lianalarga boy. Oʻlkaning shimoli-sharqiy qismidagi togʻlar uchun Oxota tipidagi flora kompleksi xosdir. Uning tipik vakillari Ayan yeli, mayda urugʻli yel, oq poʻstloqli pixta, toshqayin va Saxalin pixtasidir. Daryo vodiylarining baland qayirlarida buta oʻtli yelzorlar, botqoq bosgan yerlarda qiyoq-sfagnli yelzorlar va baland terrasalarda pixta-el oʻrmonlari oʻsadi. Oʻlkaning musson iqlimli aralash oʻrmonlar zonasi hayvonot olamiga juda boy. Aralash oʻrmonlarda koʻpincha Manjuriya faunasiga xos Amur yoʻlbarsi, Sharqiy Osiyo qoploni, Ussuriy qora ayigʻi, qizil boʻri, xoldor bugʻu, asl bugʻu, Nepal suvsari-xarza, yenotsimon it, Manjuriya olmaxoni, Uzoq Sharq oʻrmon mushugi kabi hayvonlar yashaydi. Tayga oʻrmonlarida Sharqiy Sibir faunasiga xos hayvonlar uchraydi. Qushlardan Manjuriya qirgʻovuli, Hind zagizgʻoni, toʻq sariq-pushti ibis, oʻrdak-mandarinkalar keng tarqalgan.
Tabiatni muhofaza qilish choralari
tahrirOʻlkada tabiatni muhofaza qilish ishlariga yaxshi eʼtibor qaratilgan. Uning rang-barang tabiatini, qadimiy relikt flora va fauna komplekslari, tabiiy landshaftlarini muhofaza qilish maqsadida Sixota-Alin, Ussuriy, Xingan, Bolshexextsir va boshqa qoʻriqxonalar tashkil etilgan.
Havolalar
tahrir- https://uz.fashionrebelsbook.com/17494984-ussuriysky-reserve-state-nature-reserve-in-primorsky-krai
- https://en.wikipedia.org/wiki/Sikhote-Alin_Nature_Reserve
- https://en.wikipedia.org/wiki/Khingan_Nature_Reserve
- https://en.wikipedia.org/wiki/Bolshekhekhtsirsky_Nature_Reserve
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Zabaykalye
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Oxota_dengizi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Yapon_dengizi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Xingan
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Sixotealin
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Saxalin
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Manjuriya
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Bureya_tizmasi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Tukuringra
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Intruziya
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Effuziya
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Antiklinoriy
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Granit
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Oltin
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Molibden
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Qalay
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Temir
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Surma_rudalari
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Polimetall_rudalar
Manbalar
tahrir- T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
- X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]