Japaq baxshi (aslida Jabbor bergan) Shomuratov (1893, hozirgi Amudaryo tumani, Nazarxon ovuli — 1973, Nukus) — qoraqalpoq baxshisi va bastakor. Orollik oʻzbeklardan. Qoraqalpogʻiston (1940) va Oʻzbekiston (1944) xalq artisti. Yoshligida Suyav baxshi, Otajon baxshi, Juma baxshilardan doston va termalar oʻrgangan. 1911-yildan qoʻshiq ayta boshlagan. "Gʻarib oshiq", "Xirmondali", "Yusuf Ahmad", "Goʻroʻgʻli", "Sayotxon Hamro", "Bozirgon" dostonlarini mahorat bilan kuylagan. Toʻrtkoʻl radiosida (1932-yildan), Koraqalpoqteatri (1936— 52), Qoraqalpoq filarmoniyasi va radio qoʻmitasida (1952-yildan) ishlagan. 200 ga yaqin kuy va qoʻshiq muallifi, ayniqsa "Amudaryo", "Toʻlqin", "Tugʻishgan oʻzbek xalqiga", "Bogʻlar", "Botir qizlar", "Choʻponlar" va b. mashhur. Kompozitor O. Halimov bilan hamkorlikda "Suymaganga suykanma" (S. Xoʻjaniyozov, 1945), "Oygul Obod", "Orol qizi", "Ziyoda", "Berdaq" (J. Oymirzayev, 1946, 1947, 1948, 1950) musiqali drama va komediyalar muallifi. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat mukofoti laureati (1967).[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil