JERIKO (Gericault) Teodor (1791.26.9, Ruan - 1824.26.1, Parij) — fransuz rassomi va grafigi; fransuz rassomlik sanʼatida romantizm asoschisi. K. Berne (1808—10) va P. Geren (1810— 11)da taʼlim olgan, A. Grodan ilxomlangan. J. fransuz sanʼatida ilk bor romantizmga xos boʻlgan dunyo qaramaqarshiliklarini oʻtkir his etishni ifodalagan, davrining muhim hodisa va kuchli tuygʻularini joʻshqin gavdalantirishga intilgan: "Hujumga borayotgan Imperator gvardiyasi yegerlari ofitseri" (1812), "Jang maydonini tark etayotgan yarador kirasir" (1814) va b. Italiya (1816—17), Buyuk Britaniya (1820—22) va b.da ijodiy safarlarda boʻlgan, Italiya klassitsizmi (ayniqsa, Mikelanjelo) taʼsirida J. asarlarida umumlashma shakl va mahobatlilik, rasmining aniqligi ortdi ("Rimda ozod otlarning chopishi", 1817), dolzarb mavzudagi "Meduza soli" (1818 — 19) asarida inson tuygʻularining murakkab uygʻunligi tasvirlangan; "20 yashar Delakrua portreti" (1819) va avtoportretlarida romantik rassom qiyofasini ifodalagan; maishiy lavhalar, manzaralar yaratgan. J. ijodi 19-asr oʻrtalarida yashagan realist rassomlarga taʼsir koʻrsatgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil