Jins hosil qiluvchi minerallar
Jins hosil qiluvchi minerallar — togʻ jinslari tarkibiga doimiy asosiy komponent sifatida kiruvchi minerallar. Silikatlar eng koʻp tarqalgan (Yer pusti massasining qariyb 75% ini tashkil etadi). Minerallarning xillari 3000 dan ziyod boʻlishiga qaramay faqat 100 dan ortiqrogʻi J. h. q. m., ulardan 60 tachasi eng koʻp tarqalgan. J. h. q. m. asosiy, ikkinchi darajali va aksessor minerallarga boʻlinadi. Asosiy minerallar yaxshi oʻrganilgan, ular togʻ jinslarining nomini aniqlashda muhim omil hisoblanadi. Ikkinchi darajalilarining borligi yoki yoʻqligi togʻ jinsining nomini aniqlashga taʼsir etmaydi. Har qaysi togʻ jinsi guruhi oʻziga xos minerallarga ega. Magmatik togʻ jinslari uchun dala shpatlari, kvars, slyudalar, piroksenlar, olivinlar; choʻkindi togʻ jinslari uchun gips, angidrit, gidroslyudalar, galit, kaolinit, galluazit, kalsiy va b.; metamorfik togʻ jinslariga kianit, andaluzit, sillimanit, glaukofan va b. harakterli. Magmatik va metamorfik togʻ jinslaridagi J. h. q. m. ularning qosil boʻlish sharoitini bilishda muhim hisoblanadi. Bir xil togʻ jinslari uchun asosiy hisoblangan minerallar boshqa togʻ jinslarida ikkinchi darajali rolni oʻtashi mumkin. J. h. q. m. togʻ jinslarining fizik xossalarini belgilaydi. Shuning uchun ham J. h. q. m.ni oʻrganish ilmiy (ayniqsa geofizik tadqiqotlarda) va amaliy ahamiyatga egadir.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |