Jiyda (Elaeagnus L.) — jiydadoshlar oilasiga mansub daraxt yoki buta. Janubiy Yevropa, Markaziy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikada  oʻsadigan 40 ga yaqin turi bor. Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekistonda jiydaning qargʻa jiyda (E. angustifolia yovvoyi holda oʻsadi)  Sharq jiydasi (E.orientalis), tikanakli jiyda (E. pungens), kumushsimon jiyda (E. argentea), non jiyda (E. edulis) kabi turlari oʻsadi.

Sharq jiydasi (Elaeagnus orientalis L) mevalari azaldan xalq tabobati obyekti sifatida oʻrganilgan yirik mevali shakllari ajratib olingan va oziq-ovqat va dorivor sifatida foydalanilgan hamda ilmiy jihatdan oʻrganilgan. Ming yillar davomida Sharq jiydasining yirik mevali shakllari yaratilganki, ular nafaqat yirik mevalari, serhosilligi, tez hosilga kirishi hamda turli tuproq va iqlim sharoitlariga moslashib oʻsa olishi bilan ajralib turadi. Jiyda daraxti juda plastik oʻsimlik. Shu sababli ham jiydaning ekologik tabiatini anglash bir buncha murakkab. Sharq jiydasining bargi oddiy, ensiz kumushrang, daraxti 8–10 m, shoxlari siyrak, tikanakli yoki tikansiz, guli 2 jinsli, sariq serasal, xushboʻy efir moyli, mevasi sargʻish, magʻizsiz danakli, eti unsimon, xushxoʻr. Jiydaning mevasi yangiligida yoki quritib isteʼmol qilinadi. Mevasidan spirt va kuchsiz alkogolli ichimliklar tayyorlanadi. Tabobatda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashd[3] a ishlatiladi.Yogʻochidan turli xil buyumlar yasaladi, parfumeriya sanoatida, gulidan efir moyi olinadi. Jiyda qurgʻoqchilikka chidamli, yer osti suvlari yuzi va shoʻr tuproqlarda ham oʻsaveradi. Danagidan, ildiz bachkisidan va qalamchasidan koʻpayadi. Koʻchati oʻtqazilgach, 3 -5 yilda hosilga kiradi. May- iyun oyida gullaydi, mevasi sentyabr-oktyabrda pishadi. Bir tupi 50 kggacha hosil beradi. Jiyda 60-80 yil yashaydi. Non jiyda mevali daraxt sifatida ekiladi, oʻrta boʻyli daraxt. Sernam joylarda yaxshi oʻsadi. Serhosil, mevasi yirik, mazali, qizgʻish- qoʻngʻir rangli. Oʻzbekiston oʻrmonchilik ilmiy-tadqiqot institutida 20 ga yaqin navi taʼriflangan. Qizil jiyda, Raʼno, Urganch, Xuramoy, Toshkent deserti, Choʻli qandak, Qizil qandak va boshqalar. Hozirgi davrga kelib sanoat ahamiyati maʼlum bir darajaga pasaydi. Oʻzbekiston, Tojikiston va koʻpgina mamlakatlarda ayrim tomorqa  bogʻlarida ekiladi. Tuproqni azot bilan boyitadi. Ozuqaviy quvvati 34kkalni tashkil etadi. Jiyda mevasini uzoq muddat saqlash mumkin. Pishib yetilganida terib  olingach, bir necha oydan soʻng ham oʻzining foydali jihatlarini yoʻqotmaydi. Jiydazorlar tuproq unumdorligini oshiradi, 1 gektarda 60-70 kggacha azot toʻplanishini taʼminlaydi. Jiyda shoʻrxak yerlar  tarkibida 3,5% gacha tuzlar boʻlgan tuproq sharoitlarida, yer osti suvlar yaqin yerlarda ham, toshloq yerlarda ham bemalol oʻsib hosil beradi. Oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra,  Toshkent vohasi, Xorazm, Fargʻona va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy tarqalgan va madaniy oʻsib turgan Sharq jiyda daraxti, turli tuproq-relyef va iqlim sharoitlariga yaxshi moslashganini koʻrsatadi. Sharq jiyda yorugʻsevar, issiqlikka chidamli, +50 C gacha issiqda, -30C gacha boʻlgan suvuqqa bemalol chidaydi. Shu sababli ham jiydani madaniy ekish chegarasi anchagina shimolga surilgan. Moskva, Ifa, Yekaterinburg, Berl shaharlari liniyasigacha boʻlgan hududlarda jiyda sovuqlardan zararlanmasdan bemalol oʻsmoqda, koʻkalamzorlashtirishda, oʻrmon melioratsiyasi sohalarida foydalanishmoqda. Oʻrmonchilik va bogʻdorchilik amaliyotida har bir mevali, manzarali oʻsimlik turlarining oʻz oʻrni hamda  faoliyati bor. Ayniqsa, shoʻr yerlarda oʻsib muhim meliorativ funksiyalarni bajarishga moslashgan Sharq jiyda oʻsimligi nafaqat yerning meliorativ holatini yaxshilash, balkim qimmatli mevalar ham beradi. Markaziy Osiyoda jiydalarning mahalliy shakllari asosan Oʻzbekiston janubidagi qurgʻoqchil suptropik zonada, Turkmaniston va Tojikistonda uchraydi va oʻz vatanida havaskor bogʻbonlar tomonidan yetishtiriladi. Oʻzbekistonda birinchi marta unabi koʻchatlari Samarqandda meva beradi. 1934-yilda payvandlangan unabi yaʼni jiyda koʻchatlari Kaliforniyadan tajriba- naslchilik stansiyasiga yetkazib berildi va mahalliy sharoitda oʻsishni boshladi, koʻp yillik kuzatishlar natijasida  istiqbolli navlarni Oʻzbekistonda yetishtirish uchun tavsiya etishdi.

Jiyda mevasi tibbiyotda

tahrir

Jiydaning qimmatli xususiyati zamonaviy tibbiyot tomonidan tan olingan, qon bosimini pasaytirish uchun eng ishonchli va tasdiqlangan dorivor oʻsimliklardan biridir. Xitoyda jiyda mevalaridan qon bosimini tushiradigan turli dorivor ekstraktlar va choylar tayyorlanadi. Abu Ali ibn Sino tibbiy amaliyotida yogʻli taomlarga unabi boʻlmagan mevalarni qoʻshishni tavsiya qilgan. Eron shuningdek mevalari Hindistonga dorivor xomashyo sifatida koʻp miqdorda eksport qilinadigan jiyda sanoati yetishtirishni yoʻlga qoʻydi. Tojikistonda jiyda damlamasi inson tanasining ohangini oshirish uchun ishlatiladi. Arab tibbiyoti astmani davolashda ushbu mevadan foydalanishni tavsiya qiladi. Meva tarkibida 40-65% qand, 11% oqsil, klechatka, yogʻ, oshlovchi moddalar, organik kislotalar mavjud. Bundan tashqari jiydaning “goʻshtli” qismida kaliy va fosforli tuzlar, vitaminlar B1, B2,P.P, E lar bor. Xalq tabobatida jiyda mevasi yoki uning damlamasi bolalarda uchraydigan ich ketishiga qarshi yaxshi davo hisoblanadi. Damlama nafas yoʻllari shamollaganda ham tavsiya qilinadi. Bunday qaynatmalar oshqozon-ichak faoliyati uchun ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Jiydadan qaynatma tayyorlash uchun, biror ogʻzi yopiladigan idishga 1,5 litr suv quyib, mevadan 50 gr solinadi va biroz qaynatib, 1 soat mobaynida qoʻyib qoʻyiladi. Soʻngra dokada suziladida, qaynatma sharbatidan kuniga ovqatdan keyin 2-4 mahal 2 qoshiqdan ichiladi. Oʻsimlik mevalari servitamin boʻlgani tufayli ilmiy meditsinada kamqonlikda, teri qazgʻoqlanishida, boʻy oʻsmasligida isteʼmol etish tavsiya qilinadi. Shuningdek, jiyda mevalari organizmda tuz-suv mutanosibligini saqlash uchun, odamni fikrlash qobilyatini oshirish uchun ham isteʼmol qilinishi lozim. Jiyda oziq-ovqat sanoatida ham keng ishlatiladi.

Oʻstirish texnologiyasi[4]

tahrir

Jiyda shunday beor oʻsimlik boʻlib, uni danagi, qalamchasi yordamida koʻpaytirish mumkin. Oʻsimlik urugʻlari meva pishganda (sentyabr oxiri oktyabr) tayyorlanadi. Mevalar koʻk rangdagi chivin bilan zararlanmagan, qoʻl bilan bosilganda ezilmaydigan mevalardan tayyorlanadi. Tayyorlangan urugʻlar quruq, soyali va yaxshi joyda saqlanadi. Yangi uzilgan mevalarni  yopiq yoki shunga oʻxshash idishlarda uzoq vaqt saqlash tavsiya etilmaydi. Bu saqlash  bilan urugʻlar qiziydi va unib chiqishini yoʻqotadi. Urugʻlarni qobigʻidan olib tashlashni osonlashtirish uchun mevalar toza suvda kuniga 2-3 kun saqlandi. Shundan soʻng, mevaning qobigʻi soyalanib tozalanadi va quritiladi. Tozalangan urugʻlar oʻrtacha namlikdagi qumda tozalanadi. Agar urugʻlar haddan tashqari quritilgan boʻlsa, 2- 3 kun yoki toza suvda kuniga 2-3 marta almashtiriladi. Tabaqalanish uchun tozalangan qum ishlatiladi, uning tarkibida organik chiqindilar boʻlmasligi kerak, aks holda isitish natijasida urugʻlar mogʻorlanishi va chirishi mumkin. Urugʻlar qutilarga taqsimlanadi va 30-40 sm chuqurlikda yerga koʻmiladi. Urugʻlar soni chuqurning yuqori qismi yer osti suvlarining kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik uchun qaziladi. Urugʻlari oʻsishi uchun iliq harorat kerak. Buning uchun ekishdan 15-20 kun oʻtgach urugʻlar  +20, 25 C haroratga oʻtkaziladi. Urugʻlar ekishni eng yaxshi payti  bahor fasli hisoblanadi. Jiyda ihota sifatida tuproq eroziyasiga qarshi foydalanish mumkin. Uning ildizida azot elementini toʻplovchi tuganak bakteriyalar mavjudligi sababli tuproqni ozuqabop mineral bilan taʼminlashga yordam beradi. Jiyda yuqori moslashuvchan tur sifatida Respublikamizning deyarli barcha viloyatlaridagi tuproq – iqlim sharoitlarda bemalol oʻsadi va hosil beradi. Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan va minerallashgan suv bilan sugʻoriladigan tajriba jiydazori yaxshi oʻsib hosilga kirgan (Qozoqdaryo ovchilik – oʻrmon xoʻjaligi). Jiydani galofit oʻsimliklar toifasiga ham kiritish mumkin, chunki u turli darajada shoʻrlangan tuproqlarda, Xorazm, Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va qishloqlarida koʻplab oʻstiriladi.

Jiydani tanlangan istiqbolli shakllarini qimmatli xoʻjalik–biologik xususiyatlari toʻliq saqlangan koʻchatlarini yetishtirishda faqatgina vegetativ usul orqali erishish mumkin. Vegetativ koʻpaytirishning asosiy mohiyati, uning ona oʻsimlikning barcha xususiyatlari va belgilarini toʻliq saqlash imkonini beruvchi klonlar yetishtirishdir. Jiydada novda qalamchalaridan yonlama ildizlar hosil qilib, oʻz ildiziga ega koʻchatlar yetishtirish imkoniyati mavjudligi turda genetik mustahkamlangan. Koʻpgina madaniy oʻsimliklarni mavjudligini va hayotini davomiyligini ta’minlash, koʻp hollarda ularni vegetativ koʻpaya olish xususiyatlariga bogʻliqdir.

Ch. Darvin (1939) fikricha yuksak oʻsimliklar moslashuvchanlik evolyusiyasi jarayonida turli xil vegetativ koʻpayish usullarida koʻpayishga moslashganlar, bu ularni tabiatda tur sifatida saqlanib qolishga yordam bergan. Evolyusiya jarayonining boshlangʻich bosqichlarida oʻsimliklarda regenerasiya xususiyati paydo boʻlgan va keyinchalik u tobora takomillashgan. Oʻsimliklarni yer ustki qismidagi organlarida ildiz hosil qilish xususiyati filogenetik yosh turlarga xosdir.

Umuman olganda oʻsimliklarni vegetativ koʻpayishga qobiliyati turni tarixiy rivojlanish davrida yuzaga kelgan deb hisoblash mumkin. Daraxt–buta turlarini novda va ildiz qalamchalaridan oʻz ildiziga ega yangi yosh oʻsimliklar hosil qilish xususiyati hamda turli noqulay sharoitlarda xilma-xil hayotiy shakllarni yuzaga keltira olishi, ularni yuqori plastikligini belgisidir. Oʻsimlikning yer ustki qismidagi organlaridan yonlama ildiz yuzaga keltirish qobiliyati oʻsimliklarni eng qadimgi koʻpayish usullaridan hisoblanadi, u sernam iqlimli sharoitlarda shakllangan. Jiydaning novda qalamchalaridan yonlama ildizlar hosil qila olish qobiliyati ham aynan sernam sharoitlar bilan bogʻliq holda shakllangan. Jiydaning yirik mevali shakllarini koʻpaytirishda vegetativ usul-aniqrogʻi 1-2 yillik novda qalamchalarini ildiz oldirish yoʻli bilan oʻz ildiziga ega mustaqil yosh oʻsimliklar yetishtirish usuli qoʻllanadi. Ushbu usul ona oʻsimlikdan qimmatli xoʻjalik – biologik belgilariga koʻra farqlanmaydigan genetik bir xil klon-koʻchatlar yetishtirish imkonini beradi. Jiydani yogʻochlashgan novda qalamchalaridan koʻpaytirish ishlab chiqarish nuqtai nazaridan istiqbolli usuldir, unda kam mehnat vositasi sarflab, koʻplab tannarxi past, genetik bir xil koʻchatlar yetishtiriladi.

Jiydani qalamchalari 2 muddatda: noyabr oxirlarida (tinim davrida) va bahorda daraxtda shira xarakati boshlanmasdan turib fevral oxirlarida tayyorlandi. Bu davrda qalamchalar tayyorlanadigan novdalarda maksimal plastik moddalar boʻlishi kuzatiladi. Bu davrda ular toʻliq yogʻochlashgan va kurtaklari shakllangan boʻladi.

Tajribalarda 15, 20, 25 va 30 sm uzunlikdagi qalamchalar ekib sinab koʻrildi. Qalamchalar ekiladigan maydon kuzda shudgorlandi, bahorda tuproq tayyorlangach, 60 x 60 sm qatorlar olindi. Qalamchalar qatorda bir-biridan 12 sm masofada ekildi. Ushbu tarzda qalamchalarni joylashtirilganda 1 ga maydonda 138944 dona qalamcha sarflanishini ta’minlaydi. Qalamchalarning 2-3 kurtagi tuproq yuzasida qoldirilib ekiladi. Qalamcha ekilgandan soʻng, ular qutblilik holatiga tushadi va yer ustki qismidan barglar, yer ostki qismidan kallus hosil boʻlib, ildizlar rivojlana boshlaydi. Qalamchaning quyi kesilgan qismida (bazal qismi) kambiy faoliyati tufayli boʻrtmalar, ya’ni kallus yuzaga kela boshlaydi.

Kallus himoya funksiyasini bajaradi hamda zahiradagi oziq moddalarni vaqtincha saqlovchi va ularni ildiz oʻsib-rivojlanishiga sarflovchi va koʻmaklashuvchi omil sifatida ildiz tizimini yuzaga kelishida muhim rol oʻynaydi. Kallusda asosan kraxmal toʻplanishi kuzatiladi, jiyda ildizlari shakllanishi aynan kallusga chambarchas bogʻliq holda kechadi. Ildizlar novda kambiysida shakllanadi va barg qoʻltigʻi yonidan yoki kallus va poʻstloq oraligʻida poʻstloq ostidan rivojlanib chiqadi. Ilmiy tadqiqotlar davomida koʻchatlarning oʻsish va rivojlanishi vegetasiya oxirida quyidagi koʻrsatkichlarni koʻrsatdi: 15 sm li qalamchalardan yetishtirilgan koʻchatlar balandligi oʻrtacha 112,7±13,9 sm ni, diametri 6,8±0,73 mm ni, saqlanishi 42% ni, 20 sm li qalamchalardan yetishtirilgan koʻchatlar balandligi oʻrtacha 148,7±12,5 sm ni, diametri 9,9±0,71 mm ni, saqlanishi 46% ni, 25 sm li qalamchalardan yetishtirilgan koʻchatlar balandligi oʻrtacha 175,0±9,2 sm ni, diametri 9,2±0,44 mm ni, saqlanishi 72% ni, 30 sm li qalamchalardan yetishtirilgan koʻchatlar balandligi oʻrtacha 179,8±10,09 sm ni, diametri 11,1±0,69 mm ni, saqlanishi 88% ni tashkil etdi. Tajribalarda kuzda tayyorlangan uzunligi 25, 30 sm, diametri 1,0-2,0 sm li qalamchalarning koʻkaruvchanligi yuqori ekanligi ma’lum boʻldi. Bahorda tayyorlangan va ekilgan ushbu oʻlchamdagi qalamchalarning ham koʻrsatkichlari vegetasiya oxirida balandligi oʻrtacha 137,7±7,28 sm ni, diametri 8,8±0,48 mm ni, saqlanishi 64% ni tashkil etdi.

Koʻchatlarning intensiv oʻsishi iyul-avgust oylarida qayd etildi. Tajribalar shuni koʻrsatdiki qalamchalarni uzunligi va koʻchatlarni ildiz olishi hamda vegetasiya oxirida saqlanishi orasida bogʻliqlik mavjud: qalamcha qanchalik uzun boʻlsa, koʻchatlarning ildiz olishi va saqlanishi shunchalik yuqori boʻladi. Eng past koʻrsatgich 15 sm li qalamchalarda kuzatildi: koʻchatlarning oʻrtacha balandligi 112,7±13,9 sm ni, diametri esa 6,8±0,73 mm ni, vegetasiya oxirida koʻchatlarni saqlanishi 42% ni tashkil etdi. Eng yaxshi koʻrsatgich 30-sm li qalamchalarda kuzatildi: koʻchatlarning oʻrtacha balandligi 179,8±10,09 sm ni, diametri esa 11,1±0,69 mm vegetasiya oxirida koʻchatlarni saqlanishi 88% ni ni tashkil etdi.

Shunday qilib jiydaning 30 sm uzunlikdagi qalamchalarini kuzda tayyorlash, qish mavsumida tuproqqa koʻmilgan holda saqlash va bahorda ekish koʻchatlarni 1 yilda standart koʻchatlar darajasigacha oʻsib-rivojlanishini ta’minlaydi, ular doimiy joylariga koʻchirib oʻtkazish uchun yaroqli hisoblanadilar.

  1. uz.wikipedia.org/wiki/Jiyda
  2. https://agro-ra.ru
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. https://ecosystem.ru