Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti

Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy uchuvchi va aviatsiya muhandislik mutaxassislar tayyorlovchi bilim yurti. OʻzR Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 18 martdagi qaroriga muvofiq Jizzax sh.da tashkil etilgan. Bilim yurtida oliy harbiy maxsus maʼlumotga ega ofitserlar tayyorlash, harbiy havo kuchlarining uchuvchi va aviatsiya muhandis tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, harbiy-ilmiy ishlar amalga oshiriladi. Bilim yurtida samolyot va vertolyotlarning uchuvchi-muhandisi, shaxsiy tarkib bilan ishlash ofitseri, shturman va jangovar boshqaruv ofitseri, samolyot, vertolyot dvigatellari texnigi, aviatsiya, radioelektron jihozlar va aviatsiya qurollari texnigi ixtisosliklari boʻyicha ofitserlar tayyorlanadi. Kursantlarning taʼlim jarayoni nazariy va uchish tayyorgarliklaridan iborat boʻlib, ular bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Uchish tayyorgarliklari — uchuvchi instruktorlar bilan nazorat parvozlarini bajarish va mustaqil parvozlardan iborat taʼlim jarayonida umumiy parvoz 180 soatni tashkil etadi. Uchuvchi (vertolyotchi)lar konkret tipdagi samolyot (vertolyot)da ixtisosligini oʻtab boʻlgach, bilim yurtini tugatib, uchuvchilik qismlariga yoʻl olishadi.[1]

Veb-sayti  

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil