Joʻrabek Nabiyev (1941.10.2, Tojikistonning Gʻulakandoz qishlogʻi) — xonanda (lirik tenor), bastakor, aktyor. Tojikiston xalq artisti (1980). Leninobod (hozirgi Xoʻjand) pedagogika institutini tugatgan (1963). Xoʻjand davlat musiqali komediya teatrida yakkaxon xonanda (1962—96), direktor (1996—98). Toshkent konservatoriyasining professor (2000-yildan). Fargʻona-Toshkent hofizlik maktabining namoyandasi boʻlib, Buxoro maqom ijrochilik uslubini ham mukammal oʻzlashtirgan. Nihoyatda keng repertuaridan maqom yoʻllari, bastakor ashulalari, katta ashulalar, oʻzbek, tojik va boshqa xalqlar qoʻshiqlari oʻrin olgan: "Nasrulloyi", "Samarqand Ushshogʻi", "Toshkent Iroqi", "Moʻgʻulchai Dugoh", "Feruz I-II", "Bebokcha" va boshqa Uning mualliflik qoʻshiqlaridan "Qarab qoʻy", "Unutmasman", "Sen tugʻilgan kun", "Qurbon boʻlsaydim", "El degay afsonadir" va boshqa oʻzining halqchilligi, mazmundorligi, musiqiy ifodaviyligi bilan ajralib turadi. Musiqiy teatr sahnasida Ozar ("Tugallanmagan qoʻshiq"), Sodirxon ("Uygʻonish") kabi obrazlar yaratgan. Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlarida gastrolda boʻlgan. "Melodiya" grammyozuv firmasining "Oltin disk" mukofotiga sazovor boʻlgan (1990).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil