Jo‘raqul Murodovich Murodov (1928—1970) — geliofizika sohasida faoliyat yuritgan olim, texnika fanlari nomzodi.

Jo‘raqul Murodovich Murodov
Tavalludi 1928-yil
hozirgi Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Qipchoq qishlog‘i
Vafoti 1970-yil
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR
Kasbi fizik olim
Sohasi geliofizika, geliotexnika
Ish joylari Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)
Taʼlimi Buxoro shahridagi Pedagogika bilim yurti (1947), Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) (1951)
Ilmiy darajasi texnika fanlari nomzodi
Ilmiy unvoni dotsent
Tezis sarlavhasi „Sutka davomida ishlaydigan quyosh maishiy sovutgichlarining tadqiqoti“
Mashhur shogirdlari texnika fanlari doktorlari B.Ochilov, Y.Yoqubov va boshqalar

Tarjimayi holi

tahrir

Jo‘raqul Murodov 1928-yilda hozirgi Buxoro viloyati Jondor tumani Xumin fuqarolar yig‘iniga qarashli Qipchoq qishlog‘ida, o‘rtahol dehqon oilasida tug‘ilgan. U 1944-yilda Jondor tumanida joylashgan sobiq Pravda nomli maktabning 9-sinfini tugatib, Buxoro shahridagi pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1947-yilda tugatgan. 1947—1951-yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) Fizika-matematika fakultetining fizika bo‘limida ta’lim olgan. Talabalik davrida geliotexnika sohasida ilmiy ishlar olib borishga qiziqqan.

1959—1965-yillarda tadqiqotchilik va aspiranturani Moskvadagi G.M.Krjijanovskiy nomli Energetika ilmiy tadqiqot institutida o‘tagan. Ilmiy ishining mavzusi „Sutka davomida ishlaydigan quyosh maishiy sovutkichlarining tadqiqoti“ («Исследование возможности создания солнечных бытовых холодильников круглосуточного действия»). 1965-yil 14-mayda nomzodlik dissertatsiyasini Moskvada himoya qilib, texnika fanlari nomzodi darajasini olgan[1].

1952—1959-yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) Umumiy fizika kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi lavozimida, 1966—1970-yillarda Umumiy fizika kafedrasi mudiri[2], fizika fakulteti dekani vazifalarida ishlagan. Umumiy fizika kafedrasi dotsenti unvoniga ega bo‘lgan. Bir qator xalqaro jurnallar, shuningdek, „Geliotexnika“ jurnalida 30 dan ortiq ilmiy maqolalari nashr qilingan.

Texnika fanlari nomzodi, professor Q.B.Boybo‘tayev va texnika fanlari nomzodi Y.U.Usmonov bilan hamkorlikda geliotexnika faniga qiziqib, keyinchalik texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga erishgan B.Ochilov va Y.Yoqubov, shuningdek, O.Shodiyevning ilmiy ishlarini bajarishida maslahatlar berib rahbarlik qilgan. Farzandlari – Malika Murodova, Rahima Murodova, Erkin Murodovlar o‘qituvchilik kasbini egallagan.

Manbalar

tahrir
  1. Раҳматов И. Бухоролик гелиофизик олимлар, Бухоро, 2009 — 8-bet. 
  2. „Buxoro davlat universiteti Fizika kafedrasi tarixi“ (2021-yil 24-dekabr). 2022-yil 7-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyul.