Boʻron Moʻminovich Ochilov (1942—1998) – geliotexnika sohasida faoliyat yuritgan olim, ixtirochi, texnika fanlari doktori.

Bo‘ron Mo‘minovich Ochilov
Tavalludi 1942-yil
Buxoro shahri
Vafoti 1998-yil
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi
Kasbi fizik olim
Sohasi geliofizika, geliotexnika
Ish joylari Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Fizika-matematika fakulteti
Taʼlimi Buxoro davlat pedagogika instituti (1965)
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Tezis sarlavhasi

„Parnik va qiya pog‘onali quyosh suv chuchutkichlarini tadqiq etish va ularni O‘zbekison cho‘l-yaylov suv ta’minoti tizimida qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish“ (nomzodlik, 1971);

„Quyosh energiyasi yordamida ishlovchi past potensialli suv chuchutkich va muzlatkich qurilmalarini yaratish va tadqiq etish“ (doktorlik, 1982)
Akademik rahbarlari akademik G‘iyos Yoqubovich Umarov
Mashhur shogirdlari bolgariyalik Z.Georgiyeva, mongoliyalik Chimet Mangoljanov
Mukofotlari Qori Niyoziy nomidagi davlat mukofoti

Taʼlimi va ish faoliyati

tahrir

Boʻron Ochilov 1942-yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. U 1960-yilda Buxoro shahridagi 6-oʻrta maktabni oltin medal bilan bitirib, Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Fizika-matematika fakultetiga oʻqishga kirgan. 1965-yilda institutni tugatib, umrining oxirigacha shu institutda assistent, dotsent, kafedra mudiri va fakultet dekani lavozimlarida mehnat qilgan.

Nomzodlik ishi

tahrir

Boʻron Ochilov 1969—1970-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida taniqli geliofizik olim, akademik Gʻiyos Yoqubovich Umarov rahbarligida aspiranturada shugʻullandi va 1971-yilda „Parnik va qiya pogʻonali quyosh suv chuchutkichlarini tadqiq etish va ularni Oʻzbekison choʻl-yaylov suv taʼminoti tizimida qoʻllash imkoniyatlarini oʻrganish“ mavzusida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli yoqladi[1].

Aslida, nisbatan kichik tajriba qurilmalarda olingan natijalar nomzodlik ishi himoyasi uchun yetarli boʻlsa-da, u boshqa yoʻldan bordi: 1970-yilda Buxorodan 360 km uzoqlikda joylashgan Qizilqum sahrosining „Boymurod-quduq“ aholi punktida umumiy sathi 700 kvadrat metr boʻlgan, sutkasiga 5 tonnagacha toza ichimlik suvi hosil qilib bera oladigan ulkan quyosh suv chuchitkich qurilmasini yaratdi. Bu qurilma dunyoda mavjud boʻlgan shu xil qurilmalardan oʻzining unumdorligi, ishlatish yoʻllarining oddiyligi bilan farq qiladi.

Mazkur qurilma geliotexnika sohasida buxorolik olimlarning ishlarini hatto amerikalik olimlarga ham manzur qildi. 1974-yilning sentyabrida Amerikaning katta bir ilmiy delegatsiyasi dunyoga mashhur geliofizik olim Lyof rahbarligida Moskva, Toshkent qatori Buxoroga ham tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari Boʻron Ochilov rahbarligida quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha Buxoroda oʻtkazilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijalarini yuqori baholadi.

Doktorlik ishi

tahrir

Boʻron Ochilov pedagogik faoliyat olib borish bilan birga fan bilan shugʻullanishni davom ettirdi. 1970-yilda bevosita oʻzi tashkil etgan ilmiy laboratoriya – geliopoligonda quyosh suv chuchitkichlarining bir necha yangi konstruksiyalari va geliomuzlatkichning original konstruksiyasini yaratib, tajribadan oʻtkazdi[2] va xalq xoʻjaligida qoʻllashga moslashtirdi[3]. 1982-yilda Qozon shahridagi D. I. Mendeleyev nomidagi Kimyo-texnologiya institutidagi ixtisoslashgan doktorlik ilmiy kengashida „Quyosh energiyasi yordamida ishlovchi past potensialli suv chuchutkich va muzlatkich qurilmalarini yaratish va tadqiq etish“ mavzusida texnika fanlari doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildi.

Ilmiy-pedagogik faoliyati

tahrir

Boʻron Ochilov oʻzining qisqa hayoti davrida 3 ta monografiya chop ettirdi. 150 dan ortiq ilmiy maqolalarini xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida eʼlon qildi. 4 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar tayyorladi. U pedagogik faoliyatida erishgan muvaffaqiyatlari uchun Qori Niyoziy nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Uning bevosita rahbarligida Oʻzbekistonning turli oliy oʻquv yurtlarida 10 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlandi. Boʻron Ochilov xorijlik ilmiy xodimlarga ham ilmiy rahbarlik qildi. Bolgariyalik Z.Georgiyeva, mongoliyalik Chimet Mangoljanovlar uning rahbarligida ishlab, fan nomzodlari ilmiy darajasini egallagan.

Manbalar

tahrir
  1. Раҳматов И. Бухоролик гелиофизик олимлар, Бухоро, 2009 — 10-bet. 
  2. „Генератор-адсорбер гелиохолодильника“. 2023-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyul.
  3. Ачилов Б.М. Солнечные опреснители и холодильники / Б.М. Ачилов, О.Х. Шадыев, Т.Д. Жураев; Бухар. гос. пед. ин-т им. С. Орджоникидзе. Ташкент: Фан, 1976 — 104-bet.