KALMAN (Kalman) Imre (1882.24.10, Shiofok sh., Vengriya — 1953.30.10, Parij) — venger kompozitori, operetta janri yirik ustasi. Ijodiy faoliyatini simfonik, vokal, fortepiano asarlari hamda kabare (estrada teatri) uchun qoʻshiqlar yozishdan boshlagan. "Kuzgi manyovrlar" (1908) ilk operettasi Yevropa va AQShning bir qancha shaharlarida sahnalashtirilgan boʻlib, kompozitorga katta shuhrat keltirgan. Jami 20 ta operetta yaratgan: "Lyuli-premyer" (1912), "Chardash raqsi qirolichasi"(1915, "Silva" nomi bilan ham mashhur), "Bayadera" (1921), "Grafinya Maritsa" (1924), "Sirk malikasi" (1926), "Monmartr binafshasi" (1930) va b. Asarlariga syujet holatlarining keskinligi, musiqali dramaturgiyasining rivojlanganligi, orkestr boʻyoqlari hamda kuylarning yorqinligi xos. Uslubi venger musiqa folkloriga yaqinligi bilan ajralib turadi. [1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil