Kalom (arab. ravon nutq, jumla, gap, so‘z) — musulmon kishining aqidasi, eʼtiqodi, dunyoqarashi qanday bo‘lishi kerakligini yoritib beruvchi fandir. Aqoid ilmi o‘z tarixining turli bosqichlarida sharoit va tushunchalardan kelib chiqib, bir necha nomlar bilan atalgan. Agar islom dinining taʼlimoti va amaliyoti shartli ravishda ikki qismga bo‘linsa, Kalom ilmi uning birinchi qismi, yaʼni taʼlimoti bilan shug‘ullanadi. Fiqh ilmi esa ikkinchi, yaʼni amaliy qismiga tegishlidir. Dastlab islom ilmlarining barchasi yuqoridagi kabi ikki qismga bo‘linmay, umumiy tarzda „Islom ilmlari“ yoki „Fiqhiy ilmlar“ deb atalgan. Ulardan aqida, yaʼni islom taʼlimotiga oid qismi „al-Fiqh al-akbar“ („Katta fiqh“), fiqhga, yaʼni diniy amallarga doir ilmlar esa „al-Fiqh al-asg‘ar“ („Kichik fiqh“) deb atalgan. So‘ngra ulardan hadis, tafsir, fiqh, tasavvuf, aqoid kabi turli ilmlar ajralib chiqib, islom diniga xos ilm sifatida eʼtirof etila boshlagan. Aqoid qolguncha turli nomlar bilan atalib turgan. Demak, „al Fiqh al-akbar“ni kalom, aqoidning dastlabki nomi deb hisoblash mumkin. Shu tariqa Kalom ilmi turli davrlarda „al-Fiqh al akbar“, „Ilm al-kalom“, „Usul ad-din“ („Din asoslari“), „Ilm at-tavhid“ („Yakkaxudolik taʼlimoti“) va nihoyat so‘nggi nomi „Aqoid“ („Aqidalar“) va „Kalom“ degan nomlar bilan atalgan."Kalom" aqoidning eng mashhur ismi hisoblanib, „al Fiqh al-akbar“ ismi bilan bir asrda, yaʼni VIII asrda yuzaga kelgan. Chunki bu ism Imom Abu Hanifa, Imom Shofiiy, Imom Molik va boshqalardan rivoyat qilingan. Hozirgi davrga kelib g‘arb va turk sharqshunoslari ushbu ilmga nisbatan „Ilohiyot“ (arab. „Iloh haqidagi fan“) va „Teologiya“ (lot. Teo — xudo, logiya — fan; „Xudo haqidagi fan“) kabi atamalarni ishlatmoqdalar.

Chunki keyingi asrlarda aqoid ilmi to‘rtta qismga bo‘lingan:

  • 1. Ilohiyot. Bunda Alloh va U zotga tegishli masalalar haqida bahs yuritiladi.
  • 2. Nubuvvat. Bunda vahiy, payg‘ambarlik, rasullar va ularga tegishli masalalar haqida bahs yuritiladi.
  • 3. Kavniyot. Bunda borliqdagi mavjud insoniyat, farishta, jin va sababiyat qonunlari haqida bahs yuritiladi.
  • 4. Sam’iyot. Bunda eshitish bilangina, yaʼni asosan naqlga tayanilgan holda sobit bo‘ladigan aqidalar haqida bahs yuritiladi.

Bular, asosan, g‘ayb olamiga tegishli masalalar hisoblanadi[1].

Adabiyotlar tahrir

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1. 

Manbalar tahrir

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 241.