Kapalak qurti — kapalaklar tuxumidan chiqadigan chuvalchangsimon hasharot. Oʻsimliklarning turli qismlari, baʼzi turlari jun, mum va b. organik moddalar bilan oziqlanadi. Tuxumdan chiqqan K.q. juda kichik boʻladi. Ketma-ket tullab, gʻumbakka aylanadi; gʻumbakdan voyaga yetgan kapalak chiqadi. K.q.ning gavdasi koʻp boʻgʻimli; ogʻiz organlari kemiruvchi tipda tuzilgan. Boshqa hasharotlar qurtlaridan qorin boʻlimida kalta va toʻmtoq, boʻgʻimlarga boʻlinmagan. 8 juft soxta oyoqlar boʻlishi bilan farq qiladi. K.q. shu oyoqlari yordamida harakatlanadi; koʻkrak oyoqlari esa oziqni ushlab turadi. Soʻlak bezlarining bir qismi ipak bezlariga aylangan. Bu bezlar ishlab chiqargan suyuqlik havoda qotib, ipak iplarni hosil qiladi. Iplardan qurtlar pilla oʻraydi yoki in yasaydi. K.q. erkin yoki yashirin hayot kechiradi. Ayrim K.q. daraxtlar bargi, novdalarini oʻrab olgan toʻrsimon inlarida toʻda boʻlib yashaydi. Erkin hayot kechiradigan K.q.ning rangi va shakli atrof muhitga moslashgan boʻladi. Bir qancha K.q. turli ekinlar, mevali daraxtlar va b. oʻsimliklarga, oziq-ovqat zahiralari, jundan toʻqilgan gazlamalar va kiyimkechaklarga jiddiy ziyon yetkazadi. Tut ipak qurtining pillasidan toʻqimachilik sanoati uchun qimmatli xom ashyo — ipak olinadi (yana q. Ipakchilik).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil