Karam (Brassica L.) — butguldoshlar oilasiga mansub, bir, ikki va koʻp yillik oʻsimliklar turkumi, sabzavot va yem-xashak ekini. K.ning Yevrosiyo va Shim. Afrikada 35 ga yaqin turi bor. Koʻpgina turlari Oʻrta dengiz atrofi va Xitoydan kelib chiqqan. Bryukva, raps, sholgʻom, surepitsa, xantal ham shu turkumga kiradi. Bir turi — poliz K. (V. o1egaseaye)ning juda koʻp turlari xoʻjalik aqamiyatiga ega. Dehqonchilikda ulardan oq boshli (bosh oʻraydigan oddiy) K., qizil K., savoy karami, bryussel karami, kolrabi, gulkaram, pekin karami dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida ekiladi. Jahon boʻyicha oq boshli K.ning umumiy ekin may-doni 2,3 mln.ga, hosildorlik 209,9 s/ga, yalpi hosili 48,8 mln.t (1999). Asosan, oq boshli va gulkaram ekiladi. K. aksari ikki yillik oʻsimlik. Birinchi yil bosh (karam) chiqaradi, ikkinchi yili oʻzagidan gulpoya chiqarib, urugʻlaydi. Oq boshli K. navlari vegetativ (oʻzagi, barg plastinkasi, toʻp bargi) va qosil organlari (karam boshi)ning qator morfologik belgilari bilan bir-biridan farq qiladi. Tashqi oʻzagining boʻyi 16—20 sm, toʻpbargining diametri 60—80 sm, bandining uzunligi boʻyicha barglari bandsiz, 4— 15 sm bandli, barglari mayda — 25— 40 sm, oʻrtacha — 40—50 sm va yirik — 50 sm va undan yirik boʻlishi mumkin. Barg toʻqimasining yuzasi silliq va burishgan. Barglarining rangi och-yashil, toʻq-yashil, kulrang-yashil, koʻkish-yashil, yashil-binafsha, olachipor, koʻk-yashil va qizil-binafsha tusda.

K. boshlari kattaligi va tigʻizligiga koʻra, mayda (0,5—1,5 kg), oʻrtacha (1,5— 2,5) va yirik (2,5 kg dan ortiq) vaznda boʻladi. Gullari sargʻish, yirik, shingillarga toʻplangan, mevasi qoʻzoq. Urugʻi yumaloq, toʻq qoʻngʻir, diametri 2 mm cha. K. sovuqqa chidamli, urugʻi 2— 5° da una boshlaydi. Koʻkati — 5° so-vuqqa, katta oʻsimligi — 8° qisqa muddatli sovuqqa chidaydi. Oq boshli K. 11—18° temperaturada bosh hosil qiladi. T-ra 25° dan oshganda bosh chiqarishi kechi-kadi; sernam va yorugʻ joyda tez rivojlanadi.

K. tarkibida qandlar, organik kislotalar, vitaminlar (S, R, V,, V2, RR, K, Ye) va karotin, pantoten va folat kislotalar, yogʻ, fermentlar, fitonsidlar, kaliy, kalsiy, yod, marganets, temir va b. elementlarning tuzlari bor. Bevosita ovqatga ishlatiladi, tuzlanadi va konserva holida isteʼmol qilinadi. K. xalq tabobatida turli kasalliklarga ishlatiladi, organizmdan xolesterinning chiqib ketishini tezlatadi. K.da kletchatka koʻp. K. navlari ertagi, oʻrtacha ertagi, urtagi, oʻrtacha kechki va kechki guruxlarga boʻlinadi. K. koʻchati parnik va issiqxonalarda yetishtirilib, ertagisiga fevral oxiri va mart boshlarida (60x60 sm, 70x70 sm sxemada), oʻrtagisi aprel — may boshlarida, kechkisi iyul oxiri va iyul boshlarida (70x70 sm sxemada) ekiladi.

Parvarishi sugʻorish, qator oralari va tup atrofini yumshatish, oʻgʻitlash, zararkunanda va kasalliklarga karshi kurash olib borishdan iborat. Birinchi oziqlantirishda gektariga 150–200 kg superfosfat va 120–150 kg ammiakli selitra, ikkinchisida faqat 120– 150 kg ammiakli selitra beriladi. K. ekiladigan yer kuzda yoki erta bahorda haydalib, gektariga 20—30 t goʻng , 300–400 kg superfosfat, 100–150 kg kaliy tuzi sochiladi.

K. urugʻini bevosita dalaga ekish ham mumkin. Bunda unumdor, begona oʻtlardan toza yerlarga seyalkada qator orasini 60—70 sm dan qilib, 1 ga maydonga 1 — 1,5 kgurugʻsepiladi. 2—3 chin barg chiqargach, yaganalab, har uyada (30—40 sm oraliqda) bittadan oʻsimlik krldiriladi. Bundan keyingi ishlar koʻchati oʻtqazilgandagi ishlar bilan bir xil. Oʻrtacha hosildorligi (1 ga dan) ertapishari 200—300 s, oʻrtapishari 400— 500 s, kechpishari 600—900 s. K. urugʻchiligi bilan K. ekiladigan barcha zonalarda shugʻullaniladi.

Oʻzbekistonda oq boshli K.ning quyidagi navlari ekiladi: Gribovskiy 147—ertagi, koʻchati oʻtqazilgach, 60—65 kunda yetiladi. Boshi 0,7–1 kg , yumaloq, oʻrtacha zich, koʻkish, pishganda yoriladi. Toshkent 10—oʻrtagi, koʻchati oʻtqazilgach, 90—110 kunda pishadi. K.i 2— 2,5 kg , yumaloq-yassi, issiqqa chidamli. Oʻzbekiston 133—oʻrta kechki, koʻchati oʻtqazilgach, 110—120 kunda yetiladi. K.i 2,5—4,3 kg , yumaloq-yassi. Shuningdek, Apsheron kuzgisi, Saratoniy, Navroʻz, Ashxobod, Parallel Fp Derbent va b. navlari ham ekiladi (2002).

K. zararkunandalari. K.ni zararlaydigan hasharotlar turlari juda koʻp, asosiylari karam biti, karam kuyasi, karam qandalasi, karam oq kapalagi vab. Karam biti — qanotsiz urgʻochisi 1,9—2,3 mm, tuxumsimon, koʻkish-kulrang , kulrang mum gʻubor bilan qoplangan; qanotli urgʻochisi 2,15 mm, boshi va koʻkragi jigarrang , qorni koʻkish-sariq, ozroq mum gʻuborli. Bir mavsumda 15 martagacha avlod beradi. Karam kuyasi — kapalagi qanotlari yozilganda 14–17 mm; oldingi qanotlari qoʻngʻir, keyingisi kulrang . Lichinkasi (qurti) 9–12 mm, urchuqsimon, yashil. Tuxumi 0,4—0,5 mm, yumaloq-suyri, och sariq. Hamma joyda uchraydi, asosan, K. va kizil lavlagini zararlaydi. Begona oʻtlarda, K. oʻzagi va barglarida qishlaydi. Tuxumdan chiqqan qurtlari barg bilan oziqlanadi (Toshkent viloyatida 9—10 ta avlod beradi). Karam qandalasi — tanasi 7 – 8 mm, boʻgʻimli, qalqoni qorinni yarmigacha qoplab turadi. Usti zangori yoki yashilsimon qora boʻlib, qizgʻish, sargish yoki oqish chiziqlari bor. Oʻsimlik barglarini hartumchasi bilan teshib shirasini soʻradi, bunda barglar sargʻayadi, ilma-teshik boʻlib ketadi, yosh oʻsimliklar qurib qoladi. Koʻklamda begona oʻsimliklar bilan oziqlanib, barg orqasiga tuxum qoʻyadi. 6—15 kunda tuxumdan lichinkalar chiqadi, kattalashib gʻumbakka aylanadi. Birinchi boʻgʻini, koʻpincha may — iyunda K.ga tushadi. Karam oq kapalagi — qanoti yozilganda 5,5—6 sm, oq, uchi qora koʻrinadi. Lichinkalari qora dogʻli sargʻish-och yashil, boʻyi 1 sm. Oʻrta Osiyo sharoitida yiliga 4 marta avlod beradi. K. kasalliklaridan hosilga katta zarar keltirganlaridan asosiylari: bakterioz, soxta unshudring , qora boʻgʻiz, ildiz boʻgʻzi qorayishi.

Zararkunandalarga qarshi kurashda koʻchatni dalaga ekishdan oldin insektitsidlardan birontasining 0,2% li eritmasi purkaladi, oʻsuv davrida biologik preparatlardan dendrobatsillin (1,0—1,5 kg/ga), gomelin (0,8—1,0 kg/ga) eritmalari, hosilni yigʻishdan 20—30 kun oldin insektitsidlar bilan dorilanadi, kasalliklarga qarshi yerni kuzda shudgorlash, oʻsimlik qoldiqlarini yigʻib olish, urugʻlikni ekishdan oldin dorilash tadbirlari oʻtkaziladi.

Adabiyot

tahrir
  • Balashev N. I., Zeman G. O., Sabzavotchilik, T., 1977; Boʻriyev H., Abdullayev A., Tomorqa sabzavotchiligi, T., 1987. Botir Azimov, Zuhra Saidova.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil