Karimbek Kamiy
Karimbek Kamiy (Karimbek Sharifbek oʻgʻli Kamiy, (1865 — Toshkent — 1922)) — Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti birinchi davriga mansub shoirlardan biri. Kamiy 1865-yilda Toshkentning Sevzor dahasida tugʻildi. Dastlabki taʼlimni Mozorxon mahallalik Mansurxon domladan oladi. Keyin „Beklar begi“ madrasasida oʻqidi. Oila qurmagan. 1922-yilda oʻzi tugʻilgan hovlida vafot etgan.
Kamiydan bizga olti ming misraga yaqin sheʼriy hamda nasriy asarlar va oʻzi tuzgan bir necha qoʻlyozma bayozlar saqlanib qolgan. Sheʼrlarining aksariyat qismi anʼanaviy ishqiy mavzuda. Shunga qaramasdan, maʼrifatparvarlik va ijtimoiy sheʼrlari ham borki, bular shoir ijodining bosh yoʻnalishlarini tashkil etadi.
Kamiy ijodini ilmiy jihatdan oʻrganish Gʻ. Karimov, A. Jamolov, M. Hamidova va O. Toʻlaboevlar tomonidan amalga oshirilgan.