Karlar maktabi
Karlar maktabi - tugʻma kar yoki yoshligida eshitish qobiliyatini yoʻqotgan bolalar (qarang Karlik) uchun ochilgan internat maktab tipidagi maxsus taʼlim-tarbiya muassasasi. Karlar va zaif eshituvchilar internat maktabga boʻlinadi. Oʻzbekistonda birinchi marta 1920 i. nogiron (kar, koʻr, aqli zaif) bolalar internat maktabi sifatida tashkil etilgan. Karlar internat maktabiga mutlaqo eshitmaydigan va gapirmaydigan, shuningdek, eshitish qobiliyatidan 75 dB dan ortiq darajada mahrum boʻlgan, kuchli ovozdan taʼsirlanadigan va baʼzi nutq tovushlarni qisman farq qiladigan bolalar qabul qilinadi. Maktabgacha tarbiya muassasasiga olinmagan 6—7 yoshdagi bolalar internat maktabning tayyorlov sinfiga qabul qilinadi. Zaif eshituvchilar internat maktabiga nutq, eshitish qobiliyatidan 30 dan 75 dB gacha darajada mahrum boʻlgan, nutq (oddiy ovoz bilan aytiladigan soʻz va gaplar)ni 3 m masofadan tushunadigan hamda eshitish qobiliyati yetarli boʻlmaganligi sababli nutqi turli darajada rivojlanmay qolgan, shuningdek, maktabgacha tarbiya va maktab yoshida kar boʻlib qolib, nutqi saqlangan bolalar qabul qilinadi. Kar va zaif eshituvchi bolalar respublika, viloyat, shahar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan tashkil etilgan tibbiy psixologik-pedagogik komissiyalar tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi va oʻqishga yoʻllanma beriladi. Kar va zaif eshituvchi bolalar uchun maxsus taʼlim-tarbiya „Taʼlim toʻgʻrisida“gi OʻzR qonuni (1997-yil 29-avgust) asosida amalga oshiriladi. K.m. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimiga kiradi. Karlar internat maktabida taʼlim 2 bosqich — boshlangʻich taʼlim (1 — 5-sinf), tayanch taʼlim (6—11-sinf)dan, zaif eshituvchilar internat maktabida 2 boʻlim (10-sinfgacha va 11-sinfgacha)dan iborat. K.m.ning boshlangʻich sinflarida oʻqish maxsus reja, dastur, darelik va oʻquv qoʻllanmalari asosida, yuqori sinflarda normal maktablarning 5—9-sinflar dareliklaridan foydalanib olib boriladi. Har bir sinfda oʻquvchilar soni 8—10 tadan oshmasligi kerak. Oʻquv rejasi, dasturi, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari OʻzR Xalq taʼlimi vazirligi Taʼlim markazining maxsus taʼlim boʻlimi tomonidan bolalarning eshitish va nutq taraqqiyotidagi kamchiliklari nazarda tutilgan holda tuziladi. 2000/2001 oʻquv yili boshi OʻzRda 13 karlar internat maktabi (2956 oʻquvchi) va 5 zaif eshituvchilar internat maktabi (1051 oʻquvchi) ishladi.[1]
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |