Karnataka (kann. ಕರ್ನಾಟಕ, Karnataka) — Hindistonning jan. qismidagi shtat. Arabiston dengizi sohilida. 192 ming km2. Aholisi 52,7 mln. kishi (2001), asosan kannara xalqi. Maʼmuriy markazi — Bangalor sh. K. Dekan yassitogʻligining jan.-gʻarbi, Gʻarbiy Gat va Sharqiy Gat togʻlari hamda Malabor sohilining shim. qismida joylashgan. Daryolari serostona, gidroenergiyaga boy. Yirik daryolari — Krishna (Tungabhadra irmogʻi bilan) va Kaveri, yezda toʻlib oqadi, sugʻorishda keng foydalaniladi. Gʻarbida doim yash il tropik oʻrmonlar, sharqida savannalar bor. Yillik yogʻin 500– 3000 mm.

Karnataka

K. — agrar shtat. Aholisining 65% qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Hududining yarmidan koʻprogʻi ekinzor. Asosiy ekinlari: sholi, tariqning mahalliy turlari (jovar va ragi), makkajoʻxori, bugʻdoy va dukkakli ekinlar. Shuningdek, paxta, yer yongʻoq, tamaki, shakarqamish qam ekiladi. Mevazorlar bor. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, echki boqiladi. Dengizdan baliqovlanadi. Qimmatbaho yogʻoch tayyorlanadi. Temir rudasi, oltin (Hindistonda olinayotgan oltinning asosiy qismi), marganets rudasi, boksit, xromit va b. qazib chiqariladi. Toʻqimachilik sanoati yetakchi oʻrinda. K. Hindistonda ishlab chiqarilayotgan shoyining 80% ni beradi. Movut va ip gazlama ham toʻqiladi. Metallurgiya (Bhadravatida qora metallurgiya, Belgaonda alyuminiy korxonasi), mashinasozlik (asosan, Bangalorda — stanoksozlik, elektrotexnika), shisha-keramika, chinni (Bangalor), sement (Belgaon, Dharvar, Bijopur), yogʻochsozlik, koʻn-teri, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Sandal moyi, kimyoviy oʻgʻitlar ishlab chiqariladi. Yirik sanoat markazlari: Bangalor va Maysur. Yirik porti — Yangi Mangalor.

3— 11-asrlarda K.da Gʻarbiy Gatlar sulolasi hukmronlik qilgan. 12—14-asrlarda K. hududi Xoysalar davlati, keyinroq 16-asr oxirlariga qadar Vijayanagar davlati tarkibiga kirgan. 1399-yilda Vijayanagarga vassal boʻlgan Maysur oʻlkasi tashkil topdi. 1761-yilda Maysur taxtini Xaydar Ali egalladi. Haydar Ali va uning oʻgʻli Tipu Sulton davrida (1782—99) K. Hindiston jan.dagi eng kuchli davlat boʻlgan. Bu davrda K. ingliz bosqinchilariga qarshi kurash maydoniga aylandi. 1799-yilda hokimiyat inglizlarga tobe boʻlgan Vodeyarlar sulolasi qoʻliga oʻtdi. Hindiston mustaqillikka erishgandan soʻng 1956-yilgi maʼmuriy islohotga koʻra, Maysur shtati tuzildi. 1973-yildan ushbu shtatga K. deb nom berildi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil