Kasaba uyushmalari — mehnatkashlarni jinsi, diniy eʼtiqodi, irqiy va milliy mansubliklaridan qatʼiy nazar ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalarida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va oʻz aʼzolari manfaatlarini himoya qilish maqsadida birlashtiruvchi ommaviy jamoat tashkilotlari. 18-asr oxirida Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari va AQShda oʻzaro yordam jamiyatlari sifatida paydo boʻlgan. Rivojlangan mamlakatlarda 19-asrda legallashdi. K.u. xodimlarning mehnat sharoiti, ish haqi, turmush, madaniyat va shu kabi sohalardagi manfaatlarini himoya qilishga daʼvat etilgan. 14 yoshga toʻlgan va mehnat (kasb) faoliyati bilan shugʻullanayotgan har bir kishi oʻz xohishiga koʻra, oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun K.u. tuzish, ularga kirish, K.u. faoliyati bilan shugʻullanish va K.u.dan chiqish huquqiga ega. Eng yirik xalqaro K.u. markazlari: Jahon K.u. federatsiyasi (1945-yil Parijda tuzilgan, 80 dan ortiq mamlakat milliy kasaba uyushma markazlarini birlashtiradi, kasaba uyushma umumiy aʼzolarining soni 20-asrning 90-y.larida 213 mln.dan ortiq boʻlgan), Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Jahon mehnat konfederatsiyasi (1920-yil Vatikan yordamida Xalqaro xristian K.u. konfederatsiyasi nomi bilan tuzilgan, 14 mln.dan ortiq aʼzosi bor, qarorgohi Bryusselda).

Oʻzbekistonda K.u.ning huquqiy maqomi OʻzR Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, „Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida“gi OʻzR qonuni (1992-yil 2-iyul) va b. bilan belgilanadi. K.u.ga mehnat, unga haq toʻlash va b. tayin masalalarni hal qilish sohasida huquqlar berilgan. K.u.ning ustavlari „Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida“gi OʻzR qonunida belgilangan tartibda roʻyxatga olinadi. Barcha K.u. teng huquqlardan foydalanadilar. K.u. oʻz faoliyatida davlat boshqaruv idoralaridan, xoʻjalik idoralaridan, siyosiy partiyalardan mustaqil, ular oldida hisobdor emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno). K.u.ning huquqlarini cheklaydigan yoki shu huquqlarning amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiladigan tarzdagi har qanday aralashuv man etiladi. K.u. oʻz ustavlarida belgilangan maqsadlarga va vazifalarga muvofiq ravishda boshqa mamlakatlarning K.u. bilan hamkorlik qilish, oʻz xohishiga koʻra, xalqaro va boshqa K.u. birlashmalariga va tashkilotlariga kirish huquqiga ega.

K.u.ning tuzilishi federalizmga asoslangan. Quyidan yuqorigacha barcha organlar K.u. aʼzolari tomonidan saylangan vakillarning yigʻilishlari, konferensiyalari va qurultoylarida saylanadi va ular oldida hisob beradi. K.u. har bir aʼzosi saylashi va K.u. organlariga saylanishi, yigʻilishlar, matbuot va b. vositalar orqali K.u. hamda maʼmuriy organlar faoliyatiga taalluqli masalalarni qoʻyishi mumkin. K.u. ishlab chiqarish, tarmoq va hududiy prinsiplar asosida tashkil etiladi. Tarmoq va hududiy K.u. aʼzo tashkilotlar sifatida Oʻzbekiston K.u. Federatsiyasini tashkil etadilar (qarang Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi).

K.u.ning asosi — boshlangʻich tashkilot boʻlib, kasaba uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi uning oliy organidir. Boshlangʻich tashkilot kamida 3 aʼzosi boʻlgan joylarda tuziladi. Kundalik ishlarni olib borish uchun kasaba uyushmasining guruhlarida guruh tashkilotchisi, 15 tagacha aʼzoni birlashtirgan boshlangʻich tashkilotda tashkilotchi va uning oʻrinbosari, 15 va undan koʻp aʼzoni birlashtirgan boshlangʻich tashkilotda kasaba qoʻmitasi saylanadi.

Iqtisodiy islohotlar va bozor munosabatlari sharoitida K.u.ni tashkiliy jihatdan mustahkamlash, kuch va mablagʻlarni birlashtirishga ehtiyoj kuchaydi. Endilikda Oʻzbekiston K.u. federatsiyasi oʻz faoliyatini ijtimoiy sherikchilik asosiga qurmoqda va hukumat, vazirliklar, idoralar, viloyat hokimliklari bilan ikki tomonlama hududiy va tarmoq bitimlari tuza boshladi. Mehnatga layoqatli aholini ish bilan taʼminlash, ishsizlikning oldini olish, mehnatkashlarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish, mehnatkashlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirish masalalari bilan shugʻullanish K.u. faoliyatining eng muhim yoʻnalishlari boʻlib qoldi. Oʻzbekistonda K.u. aʼzolarining umumiy soni 6.730.545 kishini tashkil etadi (2002-yil aprel). Bundan tashqari, Oʻzbekiston K.u. Federatsiyasiga kirmaydigan „Qizilqumkamyobmetalloltin“ konsernida 65 mingdan ortiq kasaba uyushma aʼzosi bor.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil