Kasanachilik — hunarmandlarning mehnat shartnomalari asosida yollanib oʻz uyida ishlashi, yashash joyida i.ch. yoki xizmat koʻrsatish. K.da maxsus tashkilot va korxonalar bilan kelishuv, shartnoma asosida buyurtmalar bajariladi. Jamiyatda mehnat resurslaridan samarali foydalanish, qushimcha daromad topish, ish vaqtining qatʼiy belgilanmaganligi, maxsus binolarga ehtiyoj boʻlmasligi va b. K.ning iqtisodiy samaradorligini taʼminlaydi. Rivojlangan mamlakatlarda K. keng koʻllaniladi. AQShda K. usulida ishlaydiganlar soni 5mln. kishidan ortiq (2000). Yaponiyada hatto elektrotexnika, elektronika, turizm kabi tarmoqlarda ham keng qoʻllanadi. K.da mehnat faoliyati toʻla boʻlmagan ish kuni turiga kiradi.

Oiladan, uy ishidan ajralib korxona, tashkilotlarda ishlash imkoniyati bulmaganlar va yordamchi daromadga muhtoj shaxslar uchun K. juda qulay hisoblanadi. K. oʻziga xos tashkil etishni talab etadi. Xom ashyo, materiallarni yetkazib berish, tayyor-mahsulotlarni olib ketish, hisob-kitobning belgilangan vaqtda olib borilishi zarur shart hisoblanadi.

K.ning , ayniqsa, qishloq joylarida uy-roʻzgʻor ishlari, oilada bola tarbiyasi bilan band boʻlgan va yordamchi daromadga muhtoj ayollar uchun tashkil etilishi ahamiyatlidir. Shu bilan birga bunga nogironlar ham jalb etilishi mumkin. Hunarmandchilikni rivojlantirish va oiladagi yoshlarni shogirdlikka jalb etishda qoʻl keladi.

Oʻzbekistonda mehnat resurslari, oila xoʻjaligi tuzilishi, i.ch. vositalari sharoitlari K. rivojini taʼminlaydi. Hunarmandchilik, ayniqsa, igna ishi talab etuvchi tikuvchilik, kashtachilik, mebelsozlik va b. uchun K. qulay. Oʻzbekistonda "Mahalla" jamgʻarmasi, respublika Tovarlar ishlab chiqarish va tadbirkorlar palatasi mahallalarda K.ni rivojlantirish dasturlarini amalga oshiradi.

Muxtor Rasulov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil