Kashtadoʻzlik
Kashtadoʻzlik, kashtachilik — kashta tikish kasbi, amaliy sanʼatning qad. sohalaridan biri. Arxeologik topilmalar Kashtadoʻzlikning deyarli barcha xalklarda qad.ligini, iqlim, tabiiy sharoit, mu\it bilan bogʻliq holda har bir xalqning madaniyati, sanʼati, kasb-hunar turlari bilan birga, ularning taʼsirida rivoj topganini koʻrsatadi. Kashtadoʻzlikning paydo boʻlishi teridan qilingan kiyimlarda bogʻlam va choklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq. Davrlar davomida toshdan suyak bigizlarga, undan metall bigizlarga oʻtish bilan, shuningdek, toʻqish, mato toʻqish, boʻyash va b. ishlar bilan bogʻliq. Kashtadoʻzlik taraqqiyotini Qad. Osiyo, Yevropa, Amerika madaniy yodgorliklari, adabiy manbalardagi kashtalar tasvirida, shuningdek, saqlanib qolgan Kashtadoʻzlik namunalarida kuzatish mumkin. Kashtadoʻzlik mahsulotlarining eng qad. nusxalari saqlanmagan. Kashtadoʻzlik rivojlangan xalqlarda unga tasviriy sanʼatning taʼsiri katta boʻlgan. 11-asrga oid ingliz kashtalarida jang lavhalari aks ettirilgan. 12-asrga mansub rus kashtalarida Vizantiya ikona sanʼatining taʼsiri koʻzga tashlanadi. Xitoyda 14-asrdan „syuxua“ (ignali tasvir) nomi bilan mashhur boʻlgan kashtali namoyonlar uslub jihatdan shoyiga tush bilan ishlangan manzara janriga yaqin.
Yevropada Kashtadoʻzlik Uygʻonish davrida yuqori pogʻonaga koʻtarildi. Davrning buyuk rassomlari (mas, Perujino, Bottichelli va b.) kashtaduzlar uchun andazalar tayyorlab berishgan, bu esa kashtalarning badiiyligini oshirgan. Kashtadoʻzlikda qimmatbaho toshlardan ham foydalanilgan, ip, jun, ipak, zar va kumush suvi berilgan iplar ishlatilgan. 18-asr da Yevropada aslzodalar kiyimini bezashda kashtalardan foydalanib tayyorlangan Kashtadoʻzlik buyumlari keng tarqalgan.
19-asrning 2-yarmida kashta tikish mashinasi ixtiro etilgach, sanoati rivoj topgan mamlakatlarda Kashtadoʻzlik korxonalari vujudga kela boshladi, i.ch.ni yoʻlga qoʻyilishi anʼanaviy Kashtadoʻzlikni inqirozga uchratdi. Kashtadoʻzlik dagi mavjud anʼanalar susayib ketdi, arzon baho mashina kashtalari katta maxrrat va koʻp mehnat talab qiladigan qoʻl kashtalarini siqib chiqardi. Lekin bir qancha mamlakatlarda mashina kashtasi bilan bir qatorda qoʻlda kashta tikishga alohida eʼtibor berilmoqda, kashtadoʻzlarning ishlari muzeylarni, jamoat binolarini bezamokda.
Oʻrta Osiyoda Kashtadoʻzlik mahsulotlarining qad. xillari deyarli saqlanmagan. Muzeylardagi palak, soʻzana, choyshab, kirpech, zardevor singari badiiy buyumlar va kashtali kiyimlar faqat 19-asrga mansub.
14—15-asrlarga oid kitoblardagi miniatyuralar Kashtadoʻzlikning bu yerda qadimdan keng rivojlanganini koʻrsatadi. Jumladan, Amir Temur saroyida yashagan ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo oʻz esdaliklarida saroyda kashta bezaklarini tomosha qilganini yozgan. Behzod „Zafarnoma“ qoʻlyozmasiga ishlagan „Temur taxtda“ miniatyurasida (1467) kashtali chodirni ham aks ettirgan.
Oʻrta Osiyoda, ayniqsa, oʻzbek, turkman, tojik ayollari urtasida Kashtadoʻzlik keng tarqalgan. Kiyimlar oilada tayyorlangan, badiiy buyumlar (soʻzana, kirpech, dorpech, choyshab, oynaxalta, choyxalta va b.)ning asosiy qismlari har bir xonadonning oʻzida tayyorlangan.
Kashta choklari, kashta tikish va uslublarining turli-tumanligi oʻzbek kashtadoʻzlarining katta sanʼatidan dalolat beradi. Mas, Nurota, Buxoro, Samarqand Kashtadoʻzlik mahsulotlari koʻproq yoʻrma chok bilan, Shahrisabzda yoʻrma, kandaxayol, iroqi, Toshkentda esa koʻproq bosma chok bilan tikilgan. Ijtimoiy hayotda roʻy bergan oʻzgarishlar Kashtadoʻzlik anʼanalariga, mahsulotning turlariga taʼsir koʻrsatgan. Masalan, hozir boʻgʻjoma, dorpech, oynaxalta kabi ashyolar oʻz ahamiyatini yoʻqotdi, paranji, kaltacha kabi kiyimlarni faqat muzeylardagina uchratish mumkin. Doʻppi, sumka, nimcha, kavush, kirpech, soʻzana kabi badiiy buyum va ashyolar zamonaviy did bilan bezatilmokda, shakl va badiiy bezaklarida katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Oʻzbek kashtadoʻzlari buyum bezaklarida amaliy bezak sanʼatining boshqa turlaridagi naqshlardan andaza olganlar, kashtalarda oʻsimliksimon tasvirlar, shox, gulband, guldastalar koʻp uchraydi. Naqsh mujassamotida asosiy bezak matoning oʻrtasida boʻlib, hoshiyalar qoʻshimcha bezak hisoblanadi. Lekin hoshiya bezagi mahorat bilan ishlangan kashtalar ham koʻp. Ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligi, kandakorlik, naqqoshlikda uchraydigan islimiy gul (naqsh) lar Kashtadoʻzlikda ham koʻp uchrashi chizmakash (naqqosh)lar amaliy bezak sanʼatining turli sohalariga chizma (naqsh)lar tayyorlaganini koʻrsatadi. Kashtadoʻzlikda chizmakashlar yaratgan naqsh(gul)lar asosida kashtadoʻzlar badiiy buyum yaratadilar. Kashtadoʻzlikda ishlatiladigan asosiy ish qurollari: igna, ilmoqli igna, ilmoqli bigiz, angishvona, chambarak va b.; keng tarqalgan chok turlari: bosma, kandaxayol, chindaxayol, xomdoʻzi, yurma, iroqi popur, ilmoq, baxya va b. (yana q. Chok). [1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |