Katapulta
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Katapulta (lotincha: kata — yuqoridan pastga va pallo —- uloqtiraman, irgʻitaman) — 1)harbiy ishda — buralgan tolalar (soch, pay va b.) ning qayishqoqlik kuchi taʼsirida harakatga keltiriladigan uloqtirish mashinasi. Yunoniston va Rimda 5-asr oxirigacha, asosan, qoʻrgʻonlarni qamal qilishda, jang maydonlarida qoʻllangan. K. tosh, gʻoʻlalarni, smola solib yondirilgan bochkalar va nayzalarni bir necha yuz metrga uloqtirgan. Oʻrta asrlarda Sharq mamlakatlari, shu jumladan, Oʻrta Osiyoda ham rasm boʻlgan. Oʻzbekiston hududida manjaniq va palaxmon deb atalgan; 2) samolyot, planyor va b. uchish apparatlariga qisqa yoʻl uchastkasida boshlangʻich (start) tezlik beradigan qurilma. K. harakatlantirish qurilmasi (aravachalar, mokisimon qurilma, ilgak va b.), yoʻnaltiruvchi qurilma (koʻpincha relyelar) va uchirib yuborish mexanizmlaridan iborat. Harakatlantirish qurilmasi (uchish apparati mahkamlangan) yo reaktiv dvigatel bilan ishga tushiriladi yoki biror ish jismi (bugʻ, porox gazi, qisilgan havo, prujina, rezina tizimcha va b.) energiyasidan foydalaniladi. Yugurish oxirida uchish apparatining harakatlantirish qurilmasi keskin toʻxtaydi, uning ustidagi uchish apparati mustaqil uchishi uchun yetarli tezlik bilan ajralib chiqadi. Gorizontal yoʻnaltiruvchi qurilmali K. avianosetslarda, vertikal yoʻnaltiruvchi qurilmali K. uchuvchilarni mashq qildirish va insonga qisqa vaqtli katta zoʻriqish taʼsirini tekshirish uchun samolyotdan katapultlash jarayonini yer sharoitida bajarishda qoʻllanadi; 3) kosmik kema kabinasidan katapultalanadigan oʻrindiqni irgʻitishni taʼminlovchi qurilma.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |