Sariq jizildoq (gʻoʻza sikadasi katta gʻoʻza saratoni) (Cicadatra ochreata Mel.) — kuylovchi jizildoklar oilasiga mansub hasharot; qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandasi. Voyaga yetgan Sariq jizildoqning qanotlari zargʻaldoq tusli. Tanasining uz. 30 mm cha. Moʻylovlari 3 boʻgʻimli; orqa oyoqlari sakrovchi. Chala oʻzgarish bilan rivojlanadi (tuxum, lichinka, nimfa, imago). Urgochisi oʻsimlik poyasining yuqori qismini teshib, shu joyga 10—15 tadan (hammasi 200 ga yakin) tuxum qoʻyadi. Natijada oʻsimliklarning teshilgan joydan yuqorisi soʻliydi va qurib qoladi. Shikastlangan yosh nihollarning 40% gachasi nobud boʻladi. Lichinkalarining nimfa bosqichiga qadar rivojlanishi 3 yil davom etib, bu 5 yoshni tashkil etadi, nimfa holida qishlaydi. Voyaga yetgan individlari may oyining oxiri — iyun boshlarida, gʻoʻzaning shonalash davrida paydo boʻladi. Sariq jizildoq, asosan, yantoqzorlarda yashaydi. Oʻzbekistonda Buxoro viloyatida koʻp tarqalgan. Kurash choralari: partov va tashlandiq yerlarni oʻzlashtirish; Sariq jizildoq doimiy uchraydigan yerlardagi yantoqni erta oʻrib olish; Sariq jizildoqning uchish va lichinkalarining chiqish davrida zararlangan gʻoʻzaga 20% li sumitsidin (0,5 l/ga) purkash.[1][2]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. "Sariq jizildoq" OʻzME. S-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil