Kattaqoʻrgʻon bentonit gili koni

Kattaqoʻrgʻon bentonit gili koni — Samarqand viloyatidagi kon. Kattaqoʻrgʻon sh.dan 15 km jan.-gʻarbda, Ingichka shaharchasiga olib boruvchi yoʻl yoqasida. Konning geologik tuzilishida boʻr, paleogen va neogen yotqiziqlari qatnashadi. Ular Zirabuloq togʻi paleozoy jinslari massivini jan.dan xalqasimon shaklida oʻrab turadi va jan.ga qarab 5—12° qiyalikda yotadi. Bentonit gillarining sanoatbop gorizonti eotsenning turkiston yarusi kesmasini tashkil etadi, olay yarusining qum-gilli yotqiziqlariga muvofiq yotadi va neogen yotqiziqlari bilan qoplangan. Bentonit gillari oraliq qatlam bilan ajralgan 2 qismdan iborat. Kulrangli pastki qismining qalinligi 18–20 m. Ustki qismi yashil rangli. Qalinligi 15–30 m. Oraliq qatlam sargʻish rangli ishqoriy bentonitlardan iborat, qalinligi 0,3—0,5 m. Kulrangli bentonit gillari montmorrillonit mineral tarkibiga ega. Qoʻshimchalar tarzida gidroslyuda, organik moddalar va tarqoq pirit minerallari uchraydi. Yashil gillarning pastki qismi karbonatli va qalinligi 2,5—3,0 m li mergel qatlamlariga ega. Gil tarkibida sezilarli miqdorda seolit uchraydi. Oraliq qatlam toza montmorillonitdan tarkib topgan va galmiroliz tufayli vulkan tuflarining oʻzgarishidan hosil boʻlgan. Gillar parma quduqdari uchun yuvuvchi suyuqliklar tayyorlashda, paxta yogʻi va vino mahsulotlarini tozalashda, keramzit i.ch.da qoʻllanadi. Kon bazasida gil kukuni ishlab chiqaradigan zavod ishlab turibdi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil