Kavkaz mineral suvlari -Kavkaz togʻlarining yon bagʻirlari va RFning Stavropol oʻlkasida joylashgan balneologik kurortlar rayoni (1803-yil vujudga kelgan). Iqlimi moʻʼtadil togʻdasht iqlimi. Havoning oʻrtacha temperaturasi 7,8° dan 8,6° gacha. Yillik yogʻin 600 mm. Bu hududda turli-tuman va sersuv mineral buloq koʻp. Mashhur Pyatigorsk, Kislovodsk, Yessentuki, Jeleznovodsk kurortlari Katta Kavkazning shim. togʻ oldida va kisman Stavropol qirlariga tutashgan platoda joylashgan. Plato ohaktosh, qumtosh va b. choʻkindi jinslardan tuzilgan monoklindan iborat boʻlib, uni magmalar yorib chiqqan. Magmalar gumbazsimon togʻ (lakkolit)lar — Beshtov, Moshiq, Temirtov va b. ni hosil qilgan. Togʻ tizmalarida paleozoy tokembriyning metamorflashgan slanetslari ochilib qolgan. Choʻkindi jinslar yirik artezian suvli yon bagʻirni hosil qilgan. Suv, asosan, eng qad. metamorfik jinslarning yer yuzasiga chiqib qolgan joylarida toʻplangan. Asosiy suvli qatlamlar — titan-valanjin, aptalb, yuqori boʻr, kisman yura va paleogen yotqiziqlariga mansub. Mineral suvlar mezokaynozoy choʻkindi hosilalarining ancha chuqurlikda yotuvchi boʻlaklarga ajralgan zonalarida va tektonik buzilishlar hamda intruziyalarning choʻkindi jinslar bilan tutashgan joylarida toʻplangan. Bular ion tarkibining minerallashuvi va temperaturasi turlicha boʻlgan karbonat angidridli, kamroq hollarda vodorod sulfidli va radonli suvlardir. Bulardan tashqari, mineral tarkibi turli-tuman boʻlgan buloq ham koʻp. Narzan tipli buloqlar Kislovodsk, Elbrus togʻi yon bagʻri, Togʻli Osetiya va b., azotli, gidrokarbonatli buloqlar Olga, Gelenjik, Novorossiyskda, karbonatli nordon suvlar Borjomi, Dilijon, Jermuk, Issiqsuv, Julfa, Arznida joylashgan. Barcha kurortlar uchun shifobaxsh balchiq Tambukan koʻlidan olinadi.

Mineral suvlar yordamida tayanch va harakat, ovqat hazm qilish organlari, qon aylanish, yurak-tomir va nerv sistemasi, teri, jigar, nafas olish, siydik chiqarish, oʻt yoʻllari, ginekologik hamda modda almashinuvi buzilish kasalliklari davolanadi. [1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil