Kaykovus chorbogʻi - shayboniylardan Suyunchxoʻjaxon tomonidan Toshkentda bunyod etilgan chorbogʻ (1525-yil). Toshkent hokimlarining qarorgohi hamda jangda yarador boʻlgan oʻzbek sultonlari davolanadigan shifoxona boʻlgan. "Abdullanoma"la keltirilgan maʼlumotga koʻra, 16-asrda Toshkentdagi Kaykovus arigʻi boʻyida (shahar qoʻrgʻoni tashqarisida) "Kaykovus bogʻi" boʻlganligi va bogʻda Toshkent sultonlari yashaganligi aytiladi. Vosifiyning "Badoye ul-vaqoye" asarida keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, K.ch.da shoirlar, musiqachilar va b. oʻz sanʼatlarini namoyish etishgan. Bu bogʻda daraxt va gullarning turli-tuman navlari, mevasiz, manzarali daraxtlar koʻplab ekilgan. Soyasida yozning issiq kunlarida dam olishgan. Yogʻochidan qurilishlarda foydalanilgan. Ayniqsa, Samarqanddan keltirilgan kumushrang terak, qayragʻoch va b. daraxtlar mashhur boʻlgan. [1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil