Kemerovo (1925-32 yillarda Shcheglovsk) — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Kemerovo viloyati markazi, Iskitim daryosining Tom daryosiga quyilish yerida, Tom daryosidagi pristan. Transport yoʻllari tuguni. Yurga stansiyasi orqali TransSibir magistrali bilan bogʻlangan. Kuzbass koʻmir havzasining markazi. Aholisi 500,7 ming kishi (1990-yillar oʻrtalari). Kimyo ("Ximprom", "Azot" va boshqa ishlab chiqarish birlashmalari), mashinasozlik (kimyo mashinasozligi, elektrotexnika, elektr dvigatellari, "Kuzbasselektromotor", "Strommashina" zavodlari), yengil, oziqovqat, mebel va qurilish materiallari sanoati korxonalari bor. 5 oliy oʻquv yurti (shu jumladan, universitet), 3 teatr, oʻlkashunoslik, tasviriy sanʼat muzeylari mavjud. Kemerovo 1918 yil Shcheglovo (1720 yilda asos solingan) va Kemerovo (1863 yilda asos solingan) qishloqlaridan vujudga kelgan. Kemerovo atrofidan toshkoʻmir qazib olinadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil