Kesar kesishi (lot. sectio — yorish, ochish; caedo — kesaman) — xirurgik operatsiya; akusherlik amaliyotida qorinning oldingi devorini va bachadonni kesib (baʼzan qin tomondan kesiladi — bu qinni kesar kesish deyiladi), homila va yoʻldoshni olish. Tabiiy tugʻruq yoʻli orqali bola tugʻilishi mumkin boʻlmagan hollar (masalan, ayol chanogʻining torligi yoki bachadonning yorilish xavfi tugʻilishi va boshqalar)da, shuningdek, tugʻayotgan ayol jiddiy kasal boʻlganda (masalan, yurak poroklarida) qilinadi. Hozirda kesar kesish amaliyoti bachadonning pastki segmentini kesib ochish yoʻli bilan bajariladi. Buning uchun qorin devorini qavatma-qavat kesib, bachadongacha boriladi; uning ham qovuqdan yuqori qismi koʻndalang kesiladi va dastlab homila, keyin yoʻldosh chiqarib olinadi. Shundan soʻng bachadon devori, keyin qorin devori qavatma-qavat tikiladi. Bir marta kesar kesish amaliyotini boshidan kechirgan ayolda bachadon chandigʻi yuzaga kelishi sababli keyingi homiladorlik va tugʻruq vrach koʻrsatmasiga qatʼiy amal qilingan holda boʻlishi lozim[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil