Keta
Keta baligʻi — (inglizcha: „Chum solmon[1]“ yoki „Dog Solmon“)- Chum lososlari nomi bilan ham tanilgan boʻlib, Shimoliy Tinch okeani hamda Beringian[2] Arktikasining qirgʻoqlarida yashaydi. Inglizcha „Chum solmon“ nomi Chinuk jargoni[3] dan olingan boʻlib, „belgilangan“ degan maʼnoni anglatadi.
Bu baliqning chavoqlari uvildiriqdan chiqqanidan keyin daryolarda katta boʻladi. Shuning uchun har yili yoz oylarining oʻrtalarida Tinch okeaniga quyiluvchi daryolarda keta baliqlarining toʻdasi paydo boʻlib qoladi — ular bu yerga urugʻ tashlagani keladi. Baliqlar suv oqimiga qarshi suzib, uning doʻngliklaridan aylanib, daryo boshlanadigan joyga keladi. Daryoning qum va mayda shagʻallar bilan qoplangan tubida keta chuqurcha kovlab uya quradi. U uvildiriqlarini shu chuqurchaga tashlab, dumi bilan uning ustiga shagʻal yopib qoʻyadi. Va ikki hafta oʻz uyasini dushmanlardan himoya qilib poylab yotadi.
Kuz va qish boʻyi uvildiriq uyada turadi. Bahorda undan mitta baliqchalar paydo boʻladi. Ular daryoda uzoq turmay, balki, oqimga boʻysunib ota-onalari kelgan dengiz, okean tomon toʻda-toʻda boʻlib suzib ketishadi. Mitti baliqcha okeanda ulgʻayib, katta baliqqa aylanadi. 3-5 yildan keyin esa qayerda dunyoga kelgan boʻlsa, oʻsha joyga yoʻl oladi. Ular ota-onalari bir payt suzib oʻtgan daryoni bexato topib, yoʻlida uchragan oʻsha doʻngliklarni aylanib, xuddi oʻsha joyning oʻziga yangi uya quradi[4].
Ketalarda shunday xususiyat ham bor: u dengizda kumushrang koʻrinsa, daryoga kirgan zahoti rangi oʻzgaradi: baliqlarning baʼzilari sariq, ayrimlari toʻq qizil, yana boshqalari binafsha rangda tovlanadi. Daryoga kirayotganda keta tana shaklini ham oʻzgartiradi. Daryoda uning yelkasida doʻngcha paydo boʻlib qoladi. Daryoda uning yelkasidagi doʻnglik uncha katta emas, uning qarindoshi boʻlgan bukri baliq ning yelkasidagi „bukri“si esa anchagina koʻtarilgan boʻladi.
Ketaning yaqin qarindoshlari koʻp: bukri baliq, nerka, chavichalar[5]. Ularning yashash tarzi xuddi keta baligʻinikiga oʻxshaydi. Bu baliqlarning hammasi Uzoq Sharq lososlari deyiladi. Bundan tashqari asl lososlar: syomga[6], Qora va Kaspiy dengiz lososlari, koʻl lososi, kumja va forel ham mavjud. Bu baliqlar ham xuddi ketaday okean, dengiz yoki katta koʻllarda yashaydilar, bolalagani esa daryolarga joʻnaydilar. Faqat forel uncha uzoqqa ketmaydi. Odatda u bir daryoda yashab, oʻsha yerda uvildiriq qoʻyadi.
Manbalar
tahrir- ↑ „chum solmon“ (inglizcha). wikipedia.
- ↑ „Beringia“ (inglizcha). wikipedia.
- ↑ „chinuk jargoni“ (inglizcha). wikipedia.
- ↑ „"U kim bu nima" bolalar ensiklopediyasi“. ziyo.uz. Qaraldi: 8-noyabr 2022-yil.
- ↑ „chavicha, nerka balig'i“. e-library.namdu.uz. Qaraldi: 8-noyabr 2022-yil.
- ↑ „syomga balig'i haqida“. staff.tiiame.uz. 2022-yil 8-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 8-noyabr.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |