Ketoz — kavsh qaytaruvchi hayvonlarda oqsil va uglevod almashuvining buzilishi bilan kechadigan kasallik. Ovqat hazm boʻlmaslik — qonda atseton (keton) tanachalarining yuqori darajada saqlanishi va ularning koʻp miqdorda siydik, sut va nafas orqali organizmdan chiqishi bilan kechadi. Bu kasallik bilan sigirlar (5—8 yoshida; sut berish davrida) va ona qoʻylar, ona choʻchqalar kasallanadi. Kasallik organizmda uglevod — yegʻ modda almashinuvining buzilishi natijasida glyukoza yetishmasligi sababli yuzaga keladi. Yuqrri mahsuldor sigirlarning koʻp sut berishi davrida ratsionda oqsil moddalari koʻpayib, yengil hazm boʻladigan uglevodli ozuqalar yetishmasligida katta qorindagi mikrofloraning fermentativ faoliyati buzilishi natijasida yogʻ va sut kislotalari koʻpayib, propion va sirka kislotalari kamayib ketadi. Shuningdek, bu kasallikning kelib chiqishida kam harakatlilik, hayvonni bir joyda bogʻlab qoʻyish ham sabab boʻladi. Hayvonda ovqat hazm qilish, yurak, jigar faoliyati buziladi, kasallik boshlangan kunlardan hayvon titraydi, tishlarini gʻijirlatadi, gandiraklaydi, ishtahasi pasayadi, katta qorin va ichak perestaltikasi kamayib, axlat chiqishi qiyinlashadi. Siydik kamayadi, teridan, nafasidan, siydikdan atseton hidi keladi. Suti kamayadi. Tuzalgan sigirlarning koʻpchiligi qisir qoladi. Tashhis klinik belgilari va qonda, siydikda atseton tanachalarining aniqlanishi bilan qoʻyiladi.

Davolash: parhez qilinadi. Dastlabki 3—4 kunda ratsiondagi toʻyimli ozuqalar 50—20% ga kamaytiriladi va mikroelementlar, vitaminlar qoʻshiladi. Venaga glyukoza yuboriladi, 5% li soda ichiriladi.

Oldini olish: mahsuldor sigirlar ratsionida uglevod-protein balansini oʻt uni, pichan, ildizmevalar, vitaminli, mikro- va makro elementli mineral qoʻshimchalar berish bilan meʼyorga keltirish va kasal hayvonlarni koʻproq yurgizish kerak.

Abdulla Quramboyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil