Kimyo sanoati — ogʻir sanoat tarmoqlaridan biri, xilma-xil kimyoviy mahsulotlar turlari: kon-kimyo xom ashyosi, asosiy kimyo mahsulotlari (ammiak, noorganig kislotalar, ishqorlar, mineral oʻgʻitlar, soda, xlor va xlorli mahsulotlar, suyultirilgan gazlar va boshqalar), plastmassa va sintetik smolalar, shu jumladan, kaprolaktam, sellyuloza atsetatlari, kimyoviy tola va iplar, plastmassa va shisha-plastiklardan materiallar va buyumlar, lok-boʻyoq materiallari, sintetik boʻyoqlar, kimyoviy reaktivlar, fotokimyo mahsulotlari, maishiy kimyo tovarlari va boshqalar ni ishlab chiqaradi. Kimyo sanoatining mustaqil sanoat tarmogʻiga aylanishi sanoat toʻntarishi bilan bogʻliq. Sulfat kislota i. ch. boʻyicha dastlabki zavodlar 1740 yilda Buyuk Britaniyada (Richmond), 1766 yilda Fransiyada (Ruan), 1805-yilda Rossiyada (Moskva gubernyasi), 1810 yilda Germaniyada (Leypsig yaqinida) barpo etilgan.

Toʻqimachilik va shisha-oyna sanoatining rivojlanishi bilan soda ishlab chiqaradigan zavodlar qurildi. Bunday korxonalar — soda zavodlari Fransiyada 1793 yilda (Parij yaqinida), Buyuk Britaniyada 1823-yilda (Liverpul), Germaniyada 1843-yilda (Elba boʻyidagi Shyonebek sh.da), Rossiyada 1864 yilda (Barnaul)da qurildi. 19-asr oʻrtalaridan Buyuk Britaniya (1842), Germaniya (1867), Rossiya (1892)da sunʼiy oʻgitlar ishlab chiqaradigan zavodlar ishlay boshladi. AQShda Kimyo sanoati Yevropa mamlakatlariga nisbatan kechroq paydo boʻldi, lekin 1913 y.ga kelib kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi boʻyicha jahonda 1-oʻringa chiqib oldi.

Oʻzbekistonda tegishli xom ashyo manbalari boʻlishiga qaramay 20-asrning 30-yillarigacha Kimyo sanoati deyarli yoʻq edi. 1910-yillarda ohak kuydirish, oʻsimlik boʻyogʻi olish, oltingugurt ishlab chiqarish, ishqoriy moddalar tayyorlash, sovungarlik bilan shugʻullangan bir qancha kichik korxonalar (12 - sovun zavodi, neftni haydash zavodi, 2-boʻyoq f-kasi) boʻlgan.

Zamonaviy Kimyo sanoatining shakllanishi 1932 y. qadimdan oltingugurt qazib olingan Shoʻrsuv oltingugurt koni (Fargʻona vodiysi)ning ishga tushirilishi bilan boshlandi. Bu korxona sobiq SSSRda ishlab chiqariladigan oltingugurtning 57% ini bergan va Itti-foqning oltingugurt mustaqilligini taʼminlashda muhim rol oʻynadi. Kimyo sanoatining eng yirik korxonasi Chirchiq elektr kimyo kti 1940 y. oktabrdan mahsulot bera boshladi. Shu yili 608,9 t ammiak, 961,7 t kuchsiz azot kislotasi va 930 t ammiak selitrasi ishlab chiqarildi. 1940 yilda respublikaning jami sanoat mahsuloti hajmida Kimyo sanoati hissasi 0,8% ni, Kimyo sanoatida band boʻlgan ishchilar soni sanoat ishchilarining 1% ni tashkil etgan, sanoat ishlab chiqarish fondining 7,4% Kimyo sanoati hissasiga toʻgʻri kelgan.

Urushdan keyingi yillarda 1946 yilda Qoʻqon, 1957 yilda Samarqand superfosfat zavodlari ishga tushirildi va bu zavodlar respublika qishloq xoʻjaligining fosforli oʻgʻitlarga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlashga xizmat qildi. Buxoro viloyatida Gazli gaz koni ishga tushirilishi bilan tabiiy gazdan foydalanish asosida 1963 yilda Fargʻona azotli oʻgʻitlar zavodi, 1964 yilda Navoiyda kimyo kombinati ishlay boshladi.

1958—65 yillarda Olmaliq konmetallurgiya kti qoshida sulfat kislotasi zavodi, Pop rezina oyoq kiyimlari zavodi, Yangiyoʻl gidroliz zavodi qurildi. 1965 yilda respublikada birinchi marta Fargʻona azotli oʻgʻitlar zavodida gʻoʻza bargini toʻkishda ishlatiladigan magnit xlorat defolianti ishlab chikarila boshladi. Jizzaxda plastmassa quvurlar zavodi (1972), 1973 yilda Olmaliqda ammofos ishlab chiqaradigan yirik korxonaning 1-navbati ishga tushirildi.

20-asrning 90-yillari boshiga kelib Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotida muhim oʻrinni egʻallagan Kimyo sanoati barpo etildi. 1990 yilda 1762 ming t mineral oʻgʻitlar (100% oziq modda hisobi-da), 154,9 ming t sintetik smolalar va plastik massalar, 1735,2 ming t sintetik ammiak, 2859 ming t sulfat kislota, 52,6 ming t kimyoviy tolalar va iplar, 226,2 ming t sintetik yuvish vositalari va sovun (yogʻ kislotalari 40% hisobida) va boshqalar mahsulotlar ishlab chikarildi.

1991 yilda respublika Kimyo sanoati korxonalari negizida „Oʻzkimyosanoat“ konserni tashkil etildi. 1994 y. yanvarda konsern „Oʻzkimyosanoat“ uyushmasiga aylantirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 y. 13-martdagi „Kimyo sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ qaroriga muvofiq, „Oʻzkimyosanoat“ ochiq aksionerlik jamiyati (AJ) shaklidagi davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etildi. Respublika hukumati tomonidan Oʻzbekiston Kimyo sanoati korxonalarini yalpi rivojlantirishning 23 investitsiya loyihalaridan ibo-rat dasturi ishlab chiqildi va maʼqullandi, Kimyo sanoati korxonalarini rivojlantirish va qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. „Oʻzkimyosanoat“ kompaniyasi tarkibida 34 ta korxona, shu jumladan, 4 qoʻshma korxona ishlaydi (shulardan 22 tasi ochiq aksiyadorlik jamiyatlari (AJ)ga aylantirilgan) (2002). Ularning 20 dan koʻprogʻi yirik zamonaviy korxonalardir.

Mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish respublika Kimyo sanoatining asosiy tarmoqlaridan biri. Respublikada qishloq xoʻjaligi uchun zarur boʻlgan ammofos, ammiak selitrasi, ammoniy sulfat, superfosfat, karbamid, suyultirilgan ammiak, shuningdek, samarador murakkab azotli va fosforli oʻgʻitlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. „Elektrkimyosanoat“ AJ (Chirchiq), Fargʻona „Azot“ ishlab chiqarish birlashmasi asosiy turdagi azotli oʻgʻitlar, „Qoʻqon superfosfat zavodi“ AJ, Samarqand kimyo zavodi, Olmaliq „Ammofos“ AJda ammofos, oddiy va ammoniylashgan superfosfat, qumoq ammfos kabi fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqariladi. Respublika Kimyo sanoati korxonalari bir yidda 2,8 mln. t azotli, 1,25 mln. t fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarish quvvatlariga ega. K.yeda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmi respublika qishloq xoʻjaligi ehtiyojlarini toʻla taʼminlashi bilan birga ularning bir qismi chetga ham chiqariladi.

Sulfat kislotasi Kimyo sanoati tarmoqlari uchun muhim xom ashyodir. Respublikada sulfat kislota ishlab chiqaradigan yirik quvvatlar Olmaliq „Ammofos“ AJ, Samarqand kimyo zavodi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq konmetallurgiya kombinatida barpo etilgan.

Soda sanoatining Markaziy Osiyo mamlakatlarida yagona boʻlgan korxonasi — Qoʻngʻirot soda zavodi qurilishi 1995 yildan boshlandi (yillik loyiha quvvati 210 ming t soda) va 2004 yilda ishga tushiriladi.

Oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalari (defoliant, desikat, gerbitsid, insektitsid, foʻngitsidlar) Fargʻona „Azot“ ishlab chiqarish birlashmasida (1965 yildan, magniy xlorat defolianti), Navoiy „Elektrokimyo zavodi“ AJ (1960 yildan, gerbitsidlar — nitran, kotoraya, bronotak, insektitsidlar — fozalon, treflan va boshqalar) ishlab chiqariladi. Respublika qishloq xoʻjaligida oʻsimliklarni kasallik va zararkundalardan kimyoviy himoya qilishda koʻllaniladigan oltingugurt kukuni Shoʻrsuv kon-kimyo korxonasida hamda Muborak va Shoʻrtan gaz komplekslarada ishlab chiqariladi.

Kimyoviy tolalar va iplar xilma-xil xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarishda keng qoʻllanadi. Chirchiq „Elektrkimyosanoat“ AJda kaprolaktam (1980 yildan, yillik quvvati 70 ming t), Fargʻona kimyoviy tolalar zavodi (1959)da atsetat iplar, „Navoiyazot“ AJda akril tolalari (1974 yildan; yillik quvvati 23 ming t dan koʻproq), Fargʻona „Azot“ ishlab chiqarish birlashmasida sellyuloza atsetati (yillik quvvati 42 ming t) ishlab chiqariladi. Fargʻona furan birikmalari zavodi (1946)da sellyuloza mustaqilligini taʼminlash boʻyicha paxta lintidan sellyuloza ishlab chiqarish ga ixtisoslashgan quvvatlar barpo etilgan. Fargʻona kimyoviy tolalar zavodida kaprolaktamni qayta ishlab, kapron va iplar tayyorlashga imkon beradigan quvvatlar bor.

Kimyo sanoatida gidroliz korxonalari Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillardan qurila boshladi. Fargʻona furan birikmalari (1946), Yangiyoʻl biokimyo (1952), Andijon gidroliz (1953) zavodlarida asosiy xom ashyo — chigit shulxasi, sholi qobigʻidan texnik etil spirti, furfurol, ozuqa achitqilari (hamirturush), furil spirti, ksilit, laprol va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqarildi. 90-yillar boshidan bu korxonalarda gʻalladan oziqovqat (etil) spirti ishlab chiqarish oʻzlashtirildi: „Andijon biokimyo zavodi“ AJ (sobiq gidroliz zavodi) da yillik quvvati 915 ming dal (1994), „Qoʻqonspirt“ AJda 1800 ming dal (1995) va „Yangiyoʻl biokimyo zavodi“ AJda 915 ming dal (1996) etil spirti ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada oziq-ovqat, tibbiyot, atir-upa va boshqalar sanoat tarmoklarini respublikaning oʻzida ishlab chikarilgan spirt bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi. Bu korxonalarda yiliga 4 ming t ga yaqin karbon kislotalari ham ishlab chiqariladi. „Andijon biokimyo zavodi“ AJda 1992 yildan quruq xlorella biomassasini tayerlash yoʻlga qoʻyilgan.

Rezina mahsulotlari Angren „Rezinatexnika“ AJ (1975)da ishlab chiqariladi. Ilgari, asosan, rezina mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan „Rezinatexnika“ AJ 1987 yildan xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarishga oʻtdi. 1992 yildan birlashmada yengil avtomobil shinalarini tayerlash oʻzlashtirildi. 1996 yildan yiliga yengil avtomobillar uchun 1,5 mln. dona, yuk avtomobillari uchun 200 ming dona shina ishlab chiqaradigan quvvatlar ishga tushirildi.

Respublikada plastmassa va propilen mahsulotlar ini qayta ishlovchi (Ohangaron „Santexlit“, „Jizzaxplastmassa“ AJ), turli markadagilok – boʻyoq mahsulotlari („Toshkent lok-boʻyoq zavodi“ AJ, 1946), mebel sanoati uchun sintetik smolalar (Fargʻona furan birikmalari zavodi), maishiy kimyo tovarlari ["Maishiy kimyo" AJ (Toshkent sh.,), 1987; Olmaliq maishiy kimyo zavodi, 1971 (hoz. Rossiyadagi „Kalina“ konsernining „Pallada-Vostok“ shoʻʼba korxonasi); Toshkent yogʻ-moy kti tarkibida sintetik yuvish vositalari zavodi, 1971] ishlab chikaradigan korxonalar ishlaydi.

2000 yilda respublika sanoati mahsulotlari umumiy hajmida Kimyo sanoati (neft kimyosi sanoati bilan birga) hissasi 6,1% ni tashkil etdi. 832 ming t mineral oʻgʻitlar (100% oziq, modda hisobida), 15 ming t sintetik smolalar va plastik massalar, 14,7 ming t kimyoviy tola va iplar, 985 ming t sintetik ammiak, 823,4 ming t sulfat kislota, 287 ming t oltingugurt va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Chet mamlakatlardan AQSH, Yaponiya, GFR, Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiya, Rossiya kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi oʻrinlarda turadi. Jahon boʻyicha Kimyo sanoati ishlab chiqarishning 3/4 qismi shu mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi. 60-yillardan boshlab Yaponiya va Germaniya Kimyo sanoati jadal rivojlandi.

Li.: Kadirov V., Stanovleniye ximii v Respublike Oʻzbekiston, T., 1995.

Oʻrin Hasanov, Nuriddin Musayev.[1]

Manbala

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil