Kino dekoratsiyasi sanʼati – film voqealarini suratga olish uchun ssenariy asosida pavilon yoki tabiiy sharoitda yaratilgan moddiy muhit (joy, jihozlar). Filmning turli epizodlarida deqoratsiya turlicha ahamiyatga ega: ayrim hollarda tomoshabinga sezilmaydigan zamin (fon) boʻlsa, baʼzan voqealarni yuzaga keltirib chiqaruvchi obrazli muhit vazifasini oʻtaydi. Kino dekoratsiyasi sanʼati film rassomining film operatori va rejissyor bilan maslahatlashib yaratgan eskizlari asosida tayyorlanadi. Deqoratsiya film orqali hikoya qilinayotgan tarixiy voqealar, oʻsha joydagi muhit va sharoitni tomoshabin koʻz oʻngida gavdalantirishga, rejissyor va kinodramaturg ilgari surgan gʻoyani tomoshabinga yetkazishga xizmat qiladi.

Dastlabki kino dekoratsiyasi sanʼati matoga chizilgan. XX asrning 10-yillaridan hajmli qilib ishlana boshlagan, aktyor oʻynaydigan joy (old qismi) tabiiy hajmda ishlanib, yigʻma (muvaqqat) va doimiy foydalaniladigan pavilonlar qurilib, film oʻzgarmas bir nuqtadan tasvirga olingan, dekoratsiyaning old qismi bilan olis manzara (perspektiva) si uygʻunlashtirilgan. Texnikaning takomillashuvi, oddiy va koʻp kamerali tasvirga olish kompleks deqoratsiya yaratishni yuzaga keltirdi: bunda dekoratsiyani rejalash muhim ahamiyatga ega, chunki bir vaqtning oʻzida bir necha obʼyektlarni tasvirga olishga toʻgʻri keladi. Bu esa rassomdan oʻta katta topqirlikni talab qiladi.

Oʻzbek kino dekoratsiyasi sanʼatining rivojida B. Chelli, V. Yeremyan, V. Sinichenko, E. Kalontarov, S. Ziyomuhamedov, N. Rahimboyev, B. Nazarov, S. Alibekov va boshqa rassomlarning xizmati katta.

Adabiyotlar tahrir