Kinologiya
Kinologiya (yunoncha: kyon — it va logiya) — itlar toʻgʻrisidagi fan. Kinologiya itchilikning ilmiy asosini tashkil etadi. Kinologiya itlarning evolyusiyasi, zotlari, anatomiyasi, fiziologiyasi, shu jumladan, oliy nerv sistemasi, xattiharakatlari, seleksiyasi, ularni urchitish, oziqlantirish, saqlash, oʻrgatish va ov, krrovul, qidiruv, bojxona, chegara va boshqa xizmatlarda foydalanish masalalarini oʻrganadi. Kinologiya fan sifatida XIX asrning 2-yarmida vujudga kelgan.
Koʻpgina Yevropa mamlakatlarida va AQShda kinologiya tashkilotlari ish olib boradi. Oʻzbekistonda kinologiya masalalarini ilmiy oʻrganish rus ofitserlar ovchilik jamiyatlari va itchilik klublari tashkil etilgan XX asr boshlariga toʻgʻri keladi. 1927-yilda Oʻzbekiston ov itlari shajara daftari joriy qilingan. DOSAAF Oʻzbekiston boʻlimi hoʻzurida 1937-yildan kinologiya kengashi faoliyat koʻrsatdi. 1992-yil may oyida Oʻzbekiston Kinologiya federatsiyasi tashkil etildi. Oʻzbekistonda respublika davlat bojxona qoʻmitasining milliy Kinologiya markazi, Milliy xavfsizlik xizmatining naslchilik pitomnigi va Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshkarmasining naslchilik pitomnigida kinologiya nazariy masalalari oʻrganiladi, itchilikka oid naslchilik ishlari, itlarni amaliy maqsadlarda foydalanishga tayyorlash, yangi it zotlarini yetishtirish, ularni sinovdan oʻtkazish, shajara va naslchilik daftarlarini yuritish ishlari olib boriladi. Kinologiya koʻpgina mamlakatlarda zootexniya hamda veterinariya oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining dasturlariga kiritilgan[1].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |