Kinotelevizion texnika -tasvirlarni suratga olish, montaj qilish va oʻzatish uchun kino va televideniye vositalaridan foydalaniladigan usullar majmui. Kino va televideniye vositalari deganda kinotexnika, televideniye va videoyozuv vositalarining uygʻunlashuvi tushuniladi. Ushbu yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi: televizion filmlarni toʻgʻridan-toʻgʻri kinoga olish; televizion tasvirlarni kineskop ekranidan yoki bevosita elektron nurli kamera yordamida yozib olish; videonazorat qurilmasi (monitor) va nazorat videoyozuvidan foydalangan holda kinoga olish; kinofilmlarni montaj qilish va koʻpaytirishda televideonazoratdan foydalanish; telekinoproyeksiyalash (kinolentaga tushirilgan filmlarni televideniye orqali oʻzatish).

Maʼlumki, kinotexnika 19-asr 80-yillaridan, televideniye asosan 20-asr boshlaridan, videoyozuv 20-asr 50-yillaridan rivojlana boshlagan va asta-sekin takomillashtirib borilgan. Ayniqsa, videofilm yaratish rasm boʻlganidan (Oʻzbekistonda 20-asr 70-yil laridan) soʻng Kinotelevizion texnikaning ahamiyati yanada ortdi. Kinotelevizion texnika da koʻp (ikki va undan ortiq) kinokamerali kinotelevizion jihozlar va boshqa oʻziga xos usullardan foydalaniladi. Kinokameralarning har qaysisiga ixcham teleuzatish kamerasi ham biriktirilgan boʻladi.

Kinotelevizion texnika vositasida bevosita kinolentaga suratga olingan kinofilmlarni ham, videomagnitlentaga tushirilgan videofilmlarni ham, bevosita olinadigan "jonli" tasvirlarni ham televideniye orqali namoyish qilish mumkin.

Umuman televizion tasvirlarni kinolentaga tushirishning optik, elektron nurli va lazerli usullari mavjud. Optik usulda suratga olish qurilmalarida tasvirlarni kineskop ekranidan koʻchirish mumkin. Elektron nurli usulda suratga olish qurilmalarida videosignal oʻzgartirib yuboradigan elektron nur havosi soʻrib olingan (vakuum) kamerada harakatlanayotgan kinolentaga toʻshadi. Vakuum kamera elektron nurli projektor, lenta tortish mexanizmi va vakuum hosil qiluvchi qurilmadan iborat boʻladi. Rangli tasvirni lazer nur yordamida 35 mm yoki 16 mm li lentaga yozib oladigan qurilma ham mavjud. Hozir Kinotelevizion texnika sohasida kompyuterlar texnikasidan unumli foydalaniladi. Kinotelevizion texnika vositalaridan murakkab kinoga olishda, multfilmlar ishlashda, kassetali kinoni suratga olishda, maxsus dasturlarni tayyorlash va boshqalarda foydalaniladi (yana qarang Kinotexnika).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil