„Kitob al-asror“— Roziyning oʻrta asr kimyo fanida yaratgan mashhur asari. Ushbu asar Sharqshunoslik institutining kimyoga oid fondining eng nodir qoʻlyozmalaridandir. „Kitob al-asror“ hozirda Sharqshunoslik institutining 3758 raqamli toʻplamida saqlanadi.

Kitob al-asror
Muallif(lar) Roziy
Til arabcha
Janr(lar)i Kimyoga oid

Asar nasx xati bilan 912/1506 yilda koʻchirilgan; u Roziy dastxatidan qilingan ikkinchi nusxa boʻlib, yaxshi saqlangan. Bu kitobni Roziy buxorolik shogirdi Muhammad ibn Yunusga bagʻishlagan. „Kitob al-asror“da Roziyning kimyo boʻyicha erishgan nazariy va amaliy yutuqlarining eng sarasi jamlangan. Bu kitobda Roziy kimyo tarixida birinchi boʻlib endilikda hammaga yaxshi tanish boʻlgan moddalar klassifikatsiyasini (maʼdan,oʻsimlik va hayvonotga oid) beradi, shuningdek, kimyoviy asboblar va amallarga tegishli boʻlgan juda koʻp faktik maʼlumotlarni ham tartibga keltirgan. „Kitob sirr al-asror“ ham oʻsha davr kimyogarlarining kitoblaridan mazmun jihatdan farq qiladi. Unda Roziy oʻz tajriba va kuzatishlarining natijalarini sodda va ravon tilda bayon etadi. Asarda oʻsha davr uchun yangi boʻlgan kimyoviy reaksiyalarni tezlatish fikri olgʻa surilgan va kimyo tarixida birinchi martta reaksiyaga kirishgan moddalarni dastlabki holatiga qaytarish (qaytariluvchi reaksiyalar) haqida gapirilgan. „Kitob sirr al-asror“ yaqin yillargacha ham fan uchun nomaʼlum edi. Uning qoʻlyozma nusxasini 1950-yilda Sharqshunoslik institutining ilmiy xodimi U.I.Karimov institut fondidan topdi, 1957-yilda ruscha izohli tarjimasini keng tadqiqot qismi va arabcha matnining faksimilesi bilan birgalikda bostirdi. Bu nashr nemis olimi Y.Ruskaning „kitob al-asror“ va „Kitob sirr al-asror“ bir asar, degan fikrining xato ekanligini isbotladi. „Kitob al-asror“ga kelsak,, uning arabcha asl nusxasi XIX asrning boshlaridayoq maʼlum edi. Bu Leypsigda topilgan qoʻlyozma nusxa boʻlib, nemis olimi Fleysher tomonidan tavsiflangan. 1905-yilda A.I.Steplton Hindistonda „Kitob al-asror“ning boshqa bir nuqsonli nusxasini topadi va Leypsigdagi nusxa bilan qiziqib qoladi, chunki u keyinchalik bu asarning toʻliq matnini inglizcha tarjimasi bilan bostirish niyatida edi. Lekin Steplton bu rejasini amalga oshira olmadi. U 1925-yilda Laknavda „Kitob al-asror“ning yana bir nusxasini topadi va undan foydalangan holda 1927-yili shu asarning faqat birinchi va ikkinchi qismlarining inglizcha tarjimasini nashr qiladi. Oʻsha vaqtda „Kitob al-asror“ning Leypsig va Hindistondagi nusxalaridan tashqari yana ikki nusxasi— Ispaniyadagi va Gettingen universiteti kutubxonasidagi qoʻlyozmalari maʼlum edi. Ana shu toʻrt nusxa asosida Y. Ruska 1937-yilda „Kitob al-asror“ning nemischa tarjimasini kattagina kirish qismi bilan nashr etdi. Keyinroq eronlik olim Hasan Ali Shayboniy Roziyning „Kitob al-asror“ini fors tiliga tarjima qilb, 1971-yilda Tehronda nashrdan chiqaradi. [1]

  1. S.U.Karimova. Sharqshunoslik instituti fondidagi kimyoga oid qo'lyozma asarlar. Toshkent: O'zbekiston SSR "Fan" nashryoti, 1990 — 88-91-bet.