Kleyonka (rus.) — nam oʻtkazmaydigan modda qoplangan maxsus mato. Qoplama materialiga qarab, moyli (oʻsimlik moylaridan tayyorlangan qoplamali), latekli (konsentrlangan sintetik lateksdan tayyorlangan qoplamali) va polivinilxloridli K.lar boʻladi. Kleyonkach.da xom surp, sarja, viktoriya, diagonal, belting va boshqa gazlamalardan foydalaniladi. Moyli K. tayyorlashda, olif qaynatiladi va uning asosida kaolinli (kaolinning suvdagi suspenziyasi emulgator va olifdan iborat) hamda boʻyoqli (pigmentdan iborat) gruntlar tayyorlanadi. Soʻngra bu gruntlar oldindan tozalangan va dazmollangan matoga bir necha qatlamda surkalib, kalandrdan oʻtkaziladi va har qaysi qatlam quritiladi. Keyin kerakli rasmlar chizilib loklanadi. Lateks K. tayyorlashda lateks gruntlar tayyorlanadi, matoga tayyorlangan gruntlar bilan 4—6-marta ishlov beriladi; bunda har qaysi ishlov berishda mato quritib olinadi. Bosma boʻyoq, beriladi, loklanadi, bosma gul solinadi va vulkanizatsiyalanadi. Polivinilxloridli K. polivinilxloridning emulsiyali va suspenziyali turlaridan ishlab chiqariladi. Bunday tayyorlangan qorishma mato sirtiga surkalib termik ishlov berib olinadi. K. texnika, tibbiyot, uy-roʻzgʻor, maishiy korxonalar, matbaa va boshqa koʻp sohalarda ishlatiladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil