Klinika (yunoncha: kline — koʻrpa-toʻshak)— statsionar (kasalxona) toifasidagi tibbiy muassasa; tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, vrachlar malakasini oshirish institutlari, ilmiy tadqiqot institutlari huzurida tashkil etiladi. K.da bemorlarni davolash bilan birga tadqiqot ishlari olib boriladi, tibbiyot institutlarining talabalari va malakasini oshiruvchi vrachlar bilan nazariy va ilmiy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. K. shahar kasalxonasi va boshqa davolash-profilaktika muassasalari bazasida ham faoliyat koʻrsatadi, ular klinik kasalxonalar deb ataladi. K. bazalarida klinik aspirantura va ordinatura mavjud boʻlib, asosan, vrachlar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi. Koʻp K.larda ayrim soxaga ixtisoslashtirilgan ilmiy markazlar tashkil etilgan, u yerda shu soha mutaxassislari oʻz malakasini oshiradi yoki vrachlar shu sohaga ixtisoslashtiriladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil