Koʻnikma — insonning ilgarigi tajribalari asosida muayyan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish qobiliyati. K.lar amaliy faoliyatga, bilimlarni amalda qoʻllay bilishga oid faoliyatning tarkibiy qismidir. K. faoliyatning maqsadi va sharoitlariga mutanosib ravishda harakatni muvaffaqiyatli bajarish usullaridir. U hamisha bilimlarga asoslanadi, mahorat (malaka)ning negizi hisoblanadi. K. mazmunan amaliy (jismoniy) va aqliy, shaklan oddiy va murakkab turlarga ajratiladi. Amaliy K.lar mehnat faoliyatini amalga oshirishga, aqliy K.lar bilim olishga, uni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan boʻladi. K.larni bilim bilan adashtirmaslik lozim, chunki bilimlar voqelik toʻgʻri aks ettirilgan hukm (mulohaza)larda ifodalanadi. K.lar esa koʻproq aqliy va jismoniy harakatlarda mujassamlashadi.[1]

Manbalar Tahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil