Uloq, koʻpkari — Oʻrta Osiyo xalqlarining qadimiy ommaviy, milliy oʻyinlaridan biri. Asosan, gʻalaba va hosil bayramlari, toʻy va sayillar munosabati bilan oʻtkazilgan. Hukmdor va har xil amaldorlardan tashqari oʻziga toʻq odamlar, hatto oddiy aholi ham Uloq oʻyinlarini tashkil etgan. Koʻproq xatna (chipron) toʻylarida rasm boʻlgan. Uloq turkiy xalklar, ayniqsa, uning qoʻngʻirot, qurama, ming, mangʻit, oyrat, yoyilma, kenegas, qipchoq, barlos kabi urugʻlari orasida ommalashgan. Uloq tomoshalari oldidan maxsus jarchilar qishloq, ovullarga yuborilib, odamlar gavjum joylarda, bozorlarda U. kim tomonidan, qayerda, qachon va nima maqsadda oʻtkazilayotganligini hamda qoʻyiladigan sovrinlarni eʼlon qilgan. Turli joyda har xil qoida boʻyicha (chortoq, sudratma, marra, poyga, pakka, minbar va boshqa nomlar bilan atalgan) U. oʻyini uyushtirilgan. U. koʻngilochar tomosha yoki shunchaki oʻyin boʻlmasdan oʻgʻil bolalar, yigitlarni mard, jasur, epchil, dovyurak qilib tarbiyalash vazifasini bajargan. U. oʻyinlari ot naslini yaxshilashga, chidamli, tez harakat qiladigan zotlarini koʻpaytirishga yordam qilgan. Qorabayir, arabi, axaltekin, qurama, laqay, kustanay, qorabogʻ va hozirgi Orlov ot zotlari U.chi otlar qisoblanadi.

U. xalq oʻyini, asosan, 2 qismdan — solim (qoqma) va poytadan iborat. Solim (qoqma). Chortoq ustidagi bakovullar (hakamlar) uloq (soʻyilib ichki aʼzolari, bosh va oyoklari kesib olingan echki yoki buzoq)ni toʻdaga tashlaydi. Toʻdadagi chavandozlar U.ni olib, tortishib, eng kuchlisi U.ni marraga yetkazib berishi lozim. Kim U.ni marraga yolgʻiz oʻzi halol olib kelsa, unga avvaldan belgilangan mukofot taqdim etiladi. Katta toʻylarda mukofotga pul, mato, kiyim, gilam, qoʻchqor va boshqa qoʻyiladi. Poyga, u 2 turdan iborat: otda chavandozning poygasi (qarang Poyga) va U. bilan chopish poygasi. U. bilan poygada belgilangan joydagi U.ni olish uchun hakamlar ruxsat bergandan keyin chavandoz ot choptirib borib U.ni yerdan koʻtarib olishi va marraga yetkazishi kerak. Keyingi yillarda U. oʻyinlari sport turiga kiritildi va Oʻzbekistonda respublika miqyosida rasmiy musobaqalar, xalqaro turnirlar oʻtkazila boshlandi (yana qarang Ot sporti). 1998-yil Samarqand viloyatining Chelak tumanida, 1999-yil "Alpomish" dostonining 1000-yilligiga bagʻishlanib Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida respublika musobaqalari tashkil qilindi. 1xalqaro musobaqa Navoiy viloyatidagi Islomobod jamoa xoʻjaligida boʻlib oʻtdi (1999-yil, 27—29 noyabr), unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Oʻzbekiston terma jamoalari bilan birga Navoiy, Samarqand viloyati vakillari alohida jamoa sifatida ishtirok etdi.

U.ning sport turi sifatida xalqaro miqyosida 38 mamlakatda (2004-yil) tan olinishida Oʻzbekiston ot sporti va uloq federatsiyasi tomonidan U. musobaqalarining umumiy qoidalari ishlab chiqilishi va Xalqaro "kok boru" (U. — koʻpkari) federatsiyasining taʼsis etilishi (2001-yil 7—11 noyabr, Bishkek)ning ahamiyati katta boʻldi.Uloq o‘yini arablar bosqini davridan buyon bor.

Oʻzbekistonda alohida Uloqkoʻpkari federatsiyasi tuzildi (2002-yil 29 aprel). Federatsiya tuman, viloyat, respublika musobaqalarini uyushtiradi. Ad.: Sam i be kov R., Chavandozning belbogi, T., 1998; Yoʻldoshev S., Joʻrayev N., Uloq — shijoatli va jasur suvoriylar oʻyini, Fargʻona, 2002.

Talat Usmonxoʻjayev, Joʻraqoʻzi Turdimatov.