Koʻrish nervi
Koʻrish nervi (lotincha: nervus opticus) – bosh miya nervlarining 2-jufti. Koʻz toʻr pardasining yorugʻlik sezuvchi hujayralari qabul qilgan taʼsirotlar, Koʻrish nervi orqali bosh miyaga oʻtadi. Koʻrish nervi toʻr pardaning ganglioz hujayralari tolalaridan boshlanib, koʻz kosasidagi maxsus tyoshikdan kalla boʻshligʻiga kiradi. Koʻz ichidagi qismi – Koʻrish nervi soʻrgʻichi yoki diski – koʻz soqqasi orqa tubining sal ichkarisida joylashgan. Ponasimon suyakning turk egari ustida bir koʻzning Koʻrish nervi ikkinchi koʻzning Koʻrish nervi bilan qisman kesishadi (koʻrish chorrahasini hosil qiladi) va shundan keyin koʻrish yoʻllariga aylanib, bosh miyaning poʻstloq ostidagi koʻrish doʻmbogʻiga boradi, bu yerdan taʼsirotlar maxsus tolalardan bosh miya poʻstlogʻi ensa qismining ichki sathidagi koʻrish markaziga boradi. Shunda koʻz koʻradi[1].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |