Kollagen kasalliklar

(Kollagenozlardan yoʻnaltirildi)

Kollagenozlar - ya’ni biriktiruvchi toʻqima kasalliklari boʻlib, ular klinik-morfologik oʻzgarishlari jihatidan oʻxshash boʻlgan biriktiruvchi toʻqimalarning zararlanishi bilan kechadigan kasalliklarni birlashtirib aytilgan atamadir. Ushbu guruhga revmatizm, revmatoidli artrit, sistemali qizil yugurik, sklerodermiya, dermatomiozit va tugunli periarteriit kasalliklari kiritilgan edi. Bu kasalliklar uchun ogir kechuvchi vaskulit va biriktiruvchi toʻqimaning diffuz zararlanishi xos boʻlib, bu zararlanish fibrinoidli degeneratsiya, mukoidli shish, asosiy oraliq moddaning gomogenlashuvi, biriktiruvchi toʻqimani tashkil qiluvchi komponentlarning (kollagen, argirofil va elastik tolalarning) dezorganizatsiyasi bilan kechar edi. Keyingi olib borilgan izlanishlar tadqiqotlar ushbu patologiya haqidagi bilimlarni va ma’lumotlarni yanada chuqurlashtirdi va bu kasalliklarning har biri alohida oʻrganishga loyiq ekanligini koʻrsatdi. Dermatologlar uchun bu guruhdagi kasalliklar ichida qizil yugurik, sklerodermiya va dermatomiozit ahamiyatlidir.Terining xilma xil kasalliklari orasida biriktiruvchi toʻqimaning diffuz zararlanishi bilan kechadigan xastaliklar alohida oʻrin egallaydi. Chunki bu kasalliklar oʻzlarining kechishi, asoratlari va bir vaqtning oʻzida ichki a’zolarni ham zararlashi bilan boshqa teri kasalliklaridan ajralib turadi. Ikkinchi tomondan, bu kasalliklarni talabalar dermatovenerologiya kursidagina oʻrganib qolmasdan, yana terapiya, pediatriya kabi kafedralarda ham oʻrganadilar. Shuning uchun dermatovenerologiya kursida talabalardan asosan ushbu kasalliklar tufayli terida kelib chiqadigan oʻzgarishlarni puxta oʻrganib, oʻzlashtirishi taqozo etiladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



  1. Yoqubova M.A., Muhammadjonova L.A. “KOLLAGENOZLAR” (Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari davolash, tibbiy pedagogika, pediatriya va stomatologiya fakultetlari 4-kurs talabalari uchun oʻquv qoʻllanma) Andijon – 2018, 102 b.