Kollektor (melioratsiyada) —drenaj tarmogʻining suv yigʻuvchi qismidan kelayotgan suvni qabul qilib, melioratsiyalanadigan maydondan chiqarib yuboradigan ochiq kanal yoki drenaj quvuri. Kollektor xoʻjalik, xoʻjaliklararo va magistral turlariga boʻlinadi. Ularning jami kollektor drenaj tarmogʻini hosil qiladi. Odatda, kollektorlar pastliklardan, xoʻjaliklar va almashlab ekish dalalari chegaralari boʻylab oʻtkaziladi. Tekis maydonlarda kollektorlar zovur va uchastkaning optimal uzunligini, qishloq xoʻjaligi mashinalarining unumli ishlashini hisobga olgan holda birbiridan 0,8—1,2 km oraliqda quriladi. Ochiq Kollektorning koʻndalang kesimi koʻpincha trapetsiya shaklida boʻladi. Kollektordagi suv sathi unga kuyiladigan zovur va kollektorlar sathidan 0,1 — 0,3 m quyiroq boʻlishi kerak. Agar drenaj suvlarining oqib ketish iloji boʻlmasa, Kollektorga nasoslar quriladi. Kollektor koʻndalang kesimining eng koʻp uchraydigan oʻlchamlari: xoʻjalik kollektorning — chuqurligi 3,0—6,6 m, tubining kengligi 1,0—1,5 m, K.ning qirgʻoqboʻyi kengligi — 40–80 m; xoʻjaliklararo K.larda yuqoridagi koʻrsatkichlar 4,5—8,0 m, 1,0—3,0 va 80–140 m. Magistral kollektor yana ham kattaroq boʻladi. Kollektorning yon bagʻri 1:1,5; 1:2,5; tubining nishabligi 0,003 dan kam boʻlmasligi lozim.

Chiqarib yuboriladigan zaxob suv miqdorini hisobga olish uchun xoʻjaliklararo va magistral kollektorlar suv oʻlchash postlari bilan jihozlanadi. Oʻzbekistondagi eng yirik magistral kollektorlar: Sirdaryo viloyatida — Shoʻroʻzak, Markaziy Mirzachoʻl, Asosiy Qayir; Fargʻona vodiysida — Shimoliy Bagʻdod, Soʻx — Isfara, Achchiqkoʻl, Yozyovon, Sari Joʻga; Buxoro viloyatida — Shimoliy Buxoro, Parallel, Bosh Qorakoʻl; Xorazm viloyatida Koʻlli, Devonkoʻl va Daryolik (davlatlararo). Ularning oʻz. 30–180 km, suv oʻtkazish imkoniyati — 10–170 m³/s, suv yigʻadigan maydoni 13—225 ming ga. Ochiq kollekrtorlarni ishlatish davomida oʻtkaziladigan ishlar: drenaj oqimini va uning minerallashuvini hisobga olish, loyqa va oʻt bosishdan saqlash va boshqa

Ochiq kollektorlar qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlarning kattagina qismini egallaydi, yer isrof boʻladi (ularga ajratiladigan maydon sugʻoriladigan yerlarning 5—10% ini tashkil etadi). Shuning uchun ham yangi yerlarni oʻzlashtirishda, asosan, yopiq xoʻjalik kollektorlari qurilmoqda (yana qarang Gorizontal drenaj).

Masharif Boqiyev[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil