Ishlab chiqarish birlashmasi

(Kombinatdan yoʻnaltirildi)

Ishlab chiqarish birlashmasi, kombinat — ixtisoslashgan bir butun ishlab chiqarish-xoʻjalik majmui. Uning tarkibiga oʻzaro ishlab chiqarish aloqalari va markazlashgan yordamchi hamda xizmat koʻrsatish korxonalariga ega boʻlgan zavod, fabrika, loyiha-texnologiya va boshqa tashkilotlar kiradi. Ishlab chiqarish birlashmasi tarkibiga kiruvchi ishlab chiqarish boʻlinmalari yuridik shaxs hisoblanmaydi. Ilmiy-texnika taraqqiyoti imkoniyatlaridan toʻla foydalanish asosida ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish, kooperatsiyalash, kombinatsiyalash va b.ni tadbiq etish asosida tashkil etiladi. Ishlab chiqarish birlashmasi bir qancha afzalliklarga ega boʻlib, odatda, ularda moddiy-texnikaviy, moliyaviy va mehnat resurslari samarali ishlatiladi, zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari qoʻllanib, ishlab chiqarishni, mehnatni, boshqaruvni takomillashtirish (boshqa-ruv apparatini qisqartirish, uning koʻp bosqichliligiga barham berish) imkoniyati tugʻiladi. Ishlab chiqarish birlashmasining muhim vazifalaridan biri texnika taraqqiyotini tezlashtirish va mahsulot sifatini oshirishdan iborat. Ishlab chiqarish birlashmasiga bosh korxonaning boshqaruv apparati rahbarlik qiladi. Ishlab chiqarish birlashmasini bosh direktor (direktor) boshqaradi. Ishlab chiqarish birlashmasi huzurida ishlab chiqarish boʻlimlari rahbarlari va kasaba uyushmasi vakillaridan iborat maslahat organi makrmiga ega boʻlgan Direktorlar kengashi faoliyat koʻrsatadi. Bosh direktor kengash raisi hisoblanadi.

Chet mamlakatlar sanoatida Ishlab chiqarish birlashmasi koʻrinishidagi majmualar butun bir tarmoqni yoki kichik tarmoklarni qamraydi va ishlab chiqarishning texnologik, yagona xom ashyo bazasi yoki texnologik jarayonlarning ketma-ketligi, turdoshligi tamoyillari asosida shakllanadi.

Oʻzbekistonda Ishlab chiqarish birlashmasi 1960-yillar boshlaridan ishlab chiqarish jihatidan oʻzaro bogʻliq, asosan, bir xil mahsulot ishlab chiqaradigan kichik korxonalarni yetakchi bosh korxona rahbarligida birlashtirish negizida firmalar koʻrinishida tashkil etilgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, bozor munosabatlariga oʻtilishi va shunga bogʻliq holda mulkchilik munosabatlarining oʻzgarishi natijasida zamonaviy talablarga javob bermay qolgan koʻpgina Ishlab chiqarish birlashmasilari tugatildi. Ularning baʼzilari esa yangicha mulkchilik munosabatlariga asosan qaytatashkil etildi. Mas, Chkalov nomidagi "Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi" aksiyadorlik jamiyati, Toshkent "Toʻqimachilik" ishlab chiqarish birlashmasi va b.

Ishlab chiqarish birlashmasi iqtisodiy jihatdan asoslab tashkil etilgan taqdirda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish samaradorligi oshadi, mahsulot tannarxi kamayadi, foyda va rentabellik darajasi ortadi[1].

Manbalar tahrir

  1. Salimov, Sadir. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil