Konservatoriya
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Konservatoriya (ital. conservatorio — boshpana) — maxsus musiqa oʻquv yurti. Turli yoʻnalishlardagi musiqa ijrochiligi, kompozitorlik va musiqashunoslik sohalari boʻyicha muayyan tizimda taʼlim beradi. Dastavval Italiyada yetim va qarovsiz bolalarga moʻljallangan boshpana — K. (birinchisi Neapol, 1537) deb atalib, unda turli hunarlar qatori musiqa (asosan, qoʻshiqchilik) ham oʻqitilgan. 17-asr oxiridan Italiya K.lari professional musiqachilarni tayyorlaydigan muassasalarga aylangan. Zamonaviy oʻquv yurti sifatida K.lar Yevropada 18-asr oxiridan tashkil etila boshlandi (Stokgolmdagi Qirol oliy musiqa maktabi, 1771; Parijdagi Musiqa va deklamatsiya K.si, 1795 va boshqalar). Baʼzi chet el musiqa oliy oʻquv yurtlari — akademiya, oliy maktab, institut deb ham ataladi (mas, Bagʻdod nafis sanʼatlar akademiyasi, Qohiradagi Arab musiqasi instituta va boshqalar). Aksariyat Yevropa va Amerika K.larida faqat ijrochi (sozanda, xonanda, dirijyor) va kompozitorlar taʼlim olishadi. Musiqashunoslar esa universitetlarning musiqa fakultetlarida tayyorlanadi. Oʻzbekistonda dastlab Turkiston xalq K.si (1918), 1934-yildan Oliy musiqa maktabi, 1936-yildan Toshkent K.si, 2002-yildan Oʻzbekiston konservatoriyasi faoliyat koʻrsatadi. Mazkur K. mamlakatning musiqa ijrochiligi, bastakorlik va musiqashunoslik sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning asosiy markazi sifatida milliy sanʼatning rivojiga salmoqli hissa qoʻshib keladi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |